O‘zbekiston saylov tizimi o‘zgarishi mumkin. Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputatligi uchun saylovlarni aralash (majoritar va proporsional) tizim asosida o‘tkazish taklif etilmoqda.

Kun.uz muxbiri 10 oktyabr kuni Oliy Majlis qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘inida muhokama qilingan ushbu masala yuzasidan tahliliy suhbat tashkil qildi. Suhbat mehmonlari siyosiy tahlilchilar – Farhod Tolipov, Kamoliddin Rabbimov va Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev bo‘ldi.

— Doniyor aka, yuqorida aytganim Qonunchilik palatasining 10 oktyabr kungi yig‘ilishida siz ham qatnashdingiz. Keling, birinchi navbatda o‘sha yig‘ilishda ko‘rilgan masala – saylov va referendum o‘tkazishda kutilayotgan asosiy o‘zgarishlar nimadan iborat bo‘layotgani haqida juda qisqacha qilib ma’lumot bersangiz? Sharh, izoh shart emas, faqat o‘zgarishlar haqida.

Doniyor G‘aniyev:

— Shu kunlarda O‘zbekistonda saylov tizimi islohotiga bag‘ishlangan katta loyiha muhokamasi boshlandi. O‘tgan kungi yalpi yig‘ilishda birinchi o‘qilish muhokama qilindi va deputatlar tomonidan tasdiqlanib, 10 oktyabrdan 24 oktyabrgacha keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Bu loyiha konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘lib, bir nechta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilyapti. Jumladan, “Saylov to‘g‘risida”gi, “Referendum to‘g‘risida”gi, “Oliy Majlis qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi, “Senat to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarga. Bularning ichida Markaziy saylov komissiyasining ishlash mexanizmi, saylov komissiyalari tuzilishi va ularning vakolatlariga o‘zgartirishlar kiritilyapti. Eng asosiy o‘zgarish Qonunchilik palatasiga bo‘ladigan saylov tizimini o‘zgartirish borasida bo‘ladi. Jumladan, amalda Qonunchilik palatasiga 150 ta deputat har bir okrugdan majoritar yo‘l bilan saylanadi. Endi 75 okrug bo‘lyapti. Va barcha 75 ta okrug bitta bo‘lib partiyalarga ovoz berish amaliyoti ham joriy qilinyapti. Bunda saylovchi shaxsga emas, partiyaga ovoz beradi.

Amaldagi tartibda mutlaq eng ko‘p ovoz olgan deputat saylanar edi. Juda ko‘p muammolar bo‘lardi bunda. Qayta saylov bo‘lmasligi, ovoragarchilikdan qochib, saylov qoidalarini buzib ko‘proq ovoz olgan nomzodga ovoz qo‘shish holatlari bo‘lardi. Endi mutlaq ko‘pchilik emas, nisbatan ko‘pchilik ovoz bersa, yetarli bo‘ladi saylanishga. Saylov jarayonlarini osonlashtiradi bu.