Oksford universiteti professori Beata Yavorchik iqtisodchi Behzod Hoshimovga bergan intervyusida Rossiyaga qarshi sanksiyalarga doir ayrim savollarga javob berib o‘tdi.
Beata Yavorchik – Oksford universiteti professori, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining bosh iqtisodchisi. Polyak olimasi uzoq vaqtdan buyon xalqaro savdo, integratsiya, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar masalalarini o‘rganib keladi.
Yavorchik Behzod Hoshimov bilan “Hoshimov iqtisodiyoti” dasturida kechgan suhbatida turli mavzular, xususan Ukrainadagi urush uchun Rossiyaga kiritilgan sanksiyalar haqidagi savollarga javob berdi.
— Siz import tariflariga qarshi kurashish haqida yozgansiz. Bu mavzu bugungi kunda ham ko‘plab G‘arb davlatlari urush tufayli Rossiyaga kiritayotgan sanksiyalar nuqtayi nazaridan juda muhim. Deyarli har kuni ommaviy axborot vositalarida Rossiya cheklovlardan qochishning yangi usulini topgani haqida xabarlar paydo bo‘ladi. Menimcha, bu aynan import bojlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash emas, balki eksport cheklovlaridan qochishga oid, chunki bu yangiliklarda har doim tranzit davlatlar bo‘ladi. Biz sanksiyalar haqida nimani bilishimiz mumkin va ularni qanday qilib yaxshiroq qo‘llash mumkin?
— Savdo statistikasida siz Yevropa va AQShdan Rossiyaga eksportning keskin pasayishini aniq ko‘rishingiz mumkin va bu pasayish, ayniqsa, sanksiyalarga uchragan tovarlar uchun sezilarli. Shu bilan birga, Yevropadan Markaziy Osiyo mamlakatlariga va bu davlatlardan Rossiyaga eksport hajmi oshganini ko‘ramiz. Ayniqsa MO davlatlari Yevropa sanksiyalari ostidagi tovarlarni eksport qilmoqda. Endi bir narsani aniq aytsam: Markaziy Osiyo davlatlari [Rossiyaga] sanksiya qo‘llamagan va ularning o‘zi ham Yevropa sanksiyalariga tushmagan. Shunday qilib, bu keysda Yevropa sanksiyalari ostidagi tovarlarni eksport qilishni ko‘rib chiqamiz. Demak, men aytib o‘tgan dalillar sanksiyalarni chetlab o‘tishni ko‘rsatadi.
Tovarni Yevropadan Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport qilish o‘rniga, savdo Markaziy Osiyo orqali amalga oshiriladi. Xo‘sh, qanday turdagi mahsulotlar uchun vositachilik qilinadi? Aslida hamma turdagi mahsulotlar, chunki ular sanoatda qo‘llanishi, harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan ikki texnologiyali va qimmatbaho mahsulotlar hisoblanadi. Bundan tashqari, siz hozirda sanksiyalangan tovarlarga o‘xshash mahsulotlar bunday oraliq eksportda ko‘payib borayotganining ba’zi dalillarini ko‘ryapsiz.
Bir misol keltiraman: tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun rentgen apparati sanksiyaga tushmaydi, lekin sanoatda foydalaniladigan rentgen apparati tushishi mumkin. Shunday qilib, ba’zi hollarda sanksiyalardan qochish uchun savdo korxonalari sanksiyalangan tovarlarni ruxsat etilgan tovarlar o‘laroq ataylab noto‘g‘ri tasniflaydi.
















