12 oktyabr kuni “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Loyiha Adliya vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va UNICEF hamkorligida ishlab chiqilgan.

Kun.uz loyihaning muhim jihatlariga e’tibor qaratdi.

Hujjatda bolalarga nisbatan zo‘ravonliklarning turlari – jismoniy zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik, ruhiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling kabilarga ta’rif berilgan. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini sodir etish taqiqlanadi hamda qonunga binoan ta’qib qilinadi.

Bulling deganda – bir guruh bolalar yoki bir bolaning boshqa bolaga yoki bolalarga nisbatan, xususan, zo‘ravonlik qurboniga nisbatan haqoratli laqablardan foydalanish, u bilan har qanday muloqotni cheklab qo‘yish (boykot qilish), uning mol-mulkini qo‘lga kiritish va (yoki) zarar yetkazish, uning o‘ziga xos jismoniy, psixologik yoki intellektual xususiyatlarini ommaviy muhokama qilish, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish yoki sog‘lig‘i va hayotiga ziyon yetkazishda ifodalangan, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlari va internet orqali amalga oshiriladigan muttasil psixologik va (yoki) jismoniy tajovuzkor harakat tushuniladi.

Loyihada sohadagi vakolatli organ sifatida prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy bo‘linmalari ko‘rsatilgan.

Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi quyidagi huquqlarga ega:

  • zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoyaga ega bo‘lish;
  • o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani, tahdid qilingani yuzasidan ariza berish yoki sudga murojaat etish;
  • barcha turdagi bepul taqdim etiladigan maslahatlardan foydalanish;
  • himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilish;
  • sodir etilgan zo‘ravonlik natijasida o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiya qilinishini talab qilishi mumkin.

Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi, ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslar, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror va sud tomonidan amalga oshiriladi.