O‘zbekiston | 11:45 / 16.10.2023
7860
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yo‘l qurilishiga xususiy sektor jalb qilinadi

1 yanvardan tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda uzunligi 20 kmgacha bo‘lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadi.

Foto: Kun.uz

“Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

2024 yil 1 yanvardan tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda uzunligi 20 kmgacha bo‘lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadi.

2025 yil 1 yanvardan yangidan boshlanadigan yo‘l-qurilish obektlarida loyihani muhandislik boshqarish va texnik nazorat qilish ishlari autsorsing shartlari asosida Xalqaro muhandislar-konsultantlar federatsiyasi (FIDIC) amaliyoti va hujjatlariga muvofiq mustaqil tashkilotlar, shu jumladan xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibida quyidagilar tashkil etiladi:

“O‘zyo‘lko‘prik” klasteri va uning hududiy filiallari;

“Avtomobil yo‘llari texnik holati tahlili va harakat xavfsizligi markazi” davlat muassasasi.

2024 yildan xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun budjet mablag‘lari faqat “Mening yo‘lim” dasturi orqali ajratiladi.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘yida yashil hududlarni barpo etish doirasida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi “O‘zyo‘lko‘kalamzorlashtirish” davlat muassasasining hududiy bo‘linmalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tasarrufiga o‘tkaziladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid