Vazirlar Mahkamasining “Katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining avtomobil yo‘llarida harakatlanishini tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari ma’qullanishi mumkin:

  • a) avtomobil yo‘llarida avtomatlashtirilgan o‘lchov vositalari bilan jihozlangan vazn va hajm parametrlari nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalar (o‘lchov-nazorat shoxobchalari) o‘rnatish va undan foydalanishga xususiy sektorni jalb qilish tizimini joriy etish;
  • o‘lchov-nazorat shoxobchalari o‘rnatiladigan joylar elektron auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlariga uzoq muddatli ijara asosida va boshqa tadbirkorlik sub’yektiga o‘tkazish huquqi bilan biriktirish;
  • b) Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan “Muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglamentda belgilangan yuk ko‘tarish me’yorlariga javob bermaydigan importdan olib kelingan og‘ir yuklarni tashuvchi avtotransport vositalarining (samosval va sochiluvchan yuklarni tashuvchi yarim tirkamalar) respublika hududidagi harakatini tartibga solish;
  • belgilangan yuk ko‘tarish me’yorlariga javob bermaydigan import qilinayotgan va hozirgi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan og‘ir yuklarni tashuvchi avtotransport vositalarini respublika hududiga olib kirish va harakatlanishini taqiqlash;
  • v) mahalliy ahamiyatga ega umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalarida og‘ir yuklarni tashuvchi avtotransport vositalari harakatini soat 08:00 dan 22:00 ga qadar cheklash.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:

a) Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi:

  • o‘lchov-nazorat shoxobchalari o‘rnatiladigan joylarini belgilaydi va mazkur joylarni elektron onlayn-auksionlar tizimi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlariga belgilangan talablar asosida biriktiradi;
  • tadbirkorlik sub’yektlari bilan hamkorlik qiladi va ular tomonidan o‘rnatilgan o‘lchov-nazorat shoxobchalarini muntazam ravishda nazorat qilib boradi;
  • o‘lchov-nazorat shoxobchalari o‘rnatiladigan joylar Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bilan kelishiladi.