Yevro-2024 saralash turniri yakuniga yana ikki tur qoldi, ammo hozircha chempionatda ishtirok etadigan 24 jamoadan faqat 9 tasi ma’lum - mezbon Germaniyadan tashqari Belgiya, Fransiya, Portugaliya, Ispaniya, Shotlandiya, Turkiya, Avstriya va Angliya. Ular safiga Vengriya, Albaniya, Daniya, Niderlandiya va Serbiya jamoalari qo‘shilishi ehtimoli yuqori. 
 Ikki guruhda chempionatga kimlar to‘g‘ridan to‘g‘ri borishi aniq bo‘lgan, to‘rt guruhda esa — birorta jamoa hali masalani hal qilmagan.

Barchasi oydinlashgan

A va F guruhlarida barchasi aniq. Ispaniya, Shotlandiya, Belgiya va Avstriya milliy jamoalari noyabrda Yevropa chempionatiga tayyorlanishni boshlaydi. Amalda hech narsani hal qilmaydigan oxirgi turlarda bosh murabbiylar turli tajribalarga qo‘l urib ko‘rishi mumkin. Gurjistonliklar  Millatlar ligasi pley-off bosqichi orqali o‘ynaladigan qo‘shimcha yo‘llanma uchun kurashishi aniq, Norvegiya, Ozarboyjon va Estoniyada ham bunday imkoniyat yuzaga kelishi mumkin. Ammo ularning taqdiri boshqa o‘yinlar natijalariga bog‘liq. Shvetsiya va Kipr esa Germaniyaga bormasligi aniq.

16 noyabr. Gurjiston – Shotlandiya, Kipr – Ispaniya
19 noyabr. Shotlandiya – Norvegiya, Ispaniya – Gurjiston.

16 noyabr. Ozarboyjon – Shvetsiya, Estoniya – Avstriya
19 noyabr. Belgiya – Ozarboyjon, Shvetsiya – Estoniya.

Oxirgi nuqtani qo‘yish qolgan

V guruhi

Greklar niderlandlarga ikki o‘yinda ham yutqazdi, shuning uchun ularda ikkinchi o‘rinni egallash uchun faqat nazariy jihatdan imkoniyat saqlanib qolgan. Agar raqib qolgan ikki o‘yinda ikkitadan ko‘p ochko olsa, greklarga hatto Fransiya ustidan g‘alaba qozonish ham yetarli bo‘lmaydi. Niderlandlarga esa oxirgi turda guruh autsayderi Gibraltar bilan o‘yinda g‘alaba qozonish ham kifoya qiladi, ammo barcha masala undan oldinroq — Irlandiyaga qarshi uy uchrashuvidayoq hal bo‘lishi ham mumkin.

Gretsiya guruhda uchinchi o‘rinni olsa, Millatlar ligasi pley-off bosqichi orqali yana bir urinib ko‘radi, irlandlarda ham pley-off uchun nazariy imkoniyat mavjud, Gibraltarda esa hech qanaqa ikkinchi imkon bo‘lmaydi va bu ajablanarli emas.