AQSh prezidenti YeI rahbarlari bilan Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildi
Jo Bayden Oq uyda Yevropa komissiyasi rahbari fon der Lyayyen va Yevropa kengashi raisi Mishelni qabul qildi. Tomonlar HAMAS va Isroil mojarosi, shuningdek, Xitoy bilan aloqalar, iqlim va savdoni muhokama qilgan.
AQSh prezidenti Jo Bayden 20 oktyabr, juma kuni Oq uyda Yevropa komissiyasi (YeK) raisi Ursula fon der Lyayyen va Yevropa kengashi raisi Sharl Mishelni qabul qildi. Uchrashuvning asosiy mavzulari Isroil va HAMAS harakati o‘rtasidagi mojaro, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi bo‘ldi. Bundan tashqari, muzokarachilar Xitoy bilan munosabatlar, global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va ba’zi savdo masalalari, xususan, AQShning Yevropa Ittifoqidan po‘lat va alyuminiyga bojlari to‘g‘risidagi masalalarni muhokama qildi.
Sammit yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan qo‘shma bayonotda tomonlar yana bir bor Isroilni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shu bilan birga, AQSh va Yevropa Ittifoqi rahbarlari Isroilni xalqaro humanitar qonunlarga rioya qilishga chaqirdi.
«Biz tinch aholini himoya qilish muhimligini ta’kidlash uchun mintaqadagi hamkorlar bilan yaqindan aloqadamiz. G‘azo sektorida humanitar inqiroz kuchayib borayotganidan xavotirdamiz. Mintaqaviy keskinlashuvning oldini olish juda muhim. Biz barcha garovga olinganlarni zudlik bilan ozod etishga chaqiramiz va «ikki davlat barpo etilishi mustahkam tinchlik sari real yo‘l bo‘lib qolishi» haqidagi umumiy fikrimizni ta’kidlaymiz», deyiladi hujjatda. AQSh va YeI Ukrainani ham Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda «kerak bo‘lguniga qadar» qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.
Avvalgi AQSh va Yevropa Ittifoqi ikki tomonlama sammiti 2021 yil 15 iyun kuni bo‘lib o‘tgan edi.
Fon der Lyayyen Rossiyani HAMAS bilan taqqosladi
20 oktyabr kuni Vashingtondagi Xadson institutida so‘zga chiqqan fon der Lyayyen Ukrainadagi urush va Yaqin Sharqdagi inqiroz Yevropa va AQShning yanada mustahkamlanishiga turtki berishi kerakligini ta’kidladi. YeK rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Bryussel va Vashington Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qarama-qarshilikning boshqa mamlakatlarga – xususan, Livanning «Hizbulloh» harakati mojaroga potensial aralashuvi orqali tarqalishi oldini olish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirishi kerak. Buning uchun AQSh va YeI birgalikda mojaro tomonlariga «aniq signal» berishi kerak, dedi fon der Lyayyen.
Yevrokomissiya rahbari, shuningdek, Rossiya HAMASga o‘xshashini, chunki u Ukrainani jahon xaritasidan o‘chirib tashlamoqchi ekanini aytdi. Avvalroq AQSh prezidenti Rossiya prezidenti Vladimir Putin va HAMAS o‘rtasida o‘xshashliklarni keltirib o‘tgan edi. Moskva «bunday ohangni qabul qilib bo‘lmasligini» bildirdi.
Bayden Kongressdan Ukraina va Isroil uchun 75 milliard dollar so‘rayapti
Shu kuni AQSh prezidenti Kongressga Ukrainaga bir yil muddatga 61,4 milliard dollar, shuningdek, Isroil mudofaasini mustahkamlash uchun 14,3 milliard dollar miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha so‘rov yuborgani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, Oq uy rahbari parlamentdan Falastin aholisiga yordam berish uchun 10 milliard dollar, AQSh-Meksika chegarasini himoya qilish uchun 13,6 milliard dollar va milliy xavfsizlikning boshqa ustuvor yo‘nalishlari uchun 7,4 milliard dollar so‘ragan.
Kuzatuvchilarning aytishicha, Bayden so‘ragan qo‘shimcha mablag‘lar ma’qullanishi yoki qachon tasdiqlanishi noma’lum. Demokratlar nazoratidagi Senatda partiyadosh prezidentning iltimosi katta ehtimol bilan qo‘llab-quvvatlansa-da, parlament quyi palatasida respublikachilarning katta qismi Ukrainaga yordamni davom ettirishga qarshi. Qolaversa, AQSh Kongressi Vakillar palatasida yetakchi yo‘qligi sababli qonun ijodkorligi ishi ko‘p jihatdan falaj ahvolda.
Mavzuga oid
17:22
Tramp Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqqanlarni jazolamoqchi – OAV
10:05
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
21:19 / 16.11.2024
Tramp Oq uy tarixidagi eng yosh matbuot kotibini tayinladi
15:52 / 16.11.2024