Jahon | 10:30 / 21.10.2023
6452
4 daqiqa o‘qiladi

Bayden Kongressdan Ukraina va Isroil uchun 75 mlrd dollar so‘rayapti

Prezident Jo Bayden AQSh Kongressidan Ukraina va Isroilga yordam uchun 75 milliard dollar ajratishni so‘radi. Uning so‘rovining umumiy miqdori - 106,7 mlrd.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden AQSh Kongressiga Ukrainaga bir yillik 61,4 milliard dollar, shuningdek, Isroil mudofaasini kuchaytirish uchun 14,3 milliard dollar miqdorida moliyaviy yordam so‘rab murojaat qildi, deb xabar qildi Oq uy 20 oktyabr, juma kuni.

Bundan tashqari, Bayden palatadan 31 milliard dollar qo‘shimcha mablag‘, jumladan, Falastin aholisiga yordam berish uchun 10 milliard dollar, AQSh-Meksika chegarasini himoya qilish uchun 13,6 milliard dollar va milliy xavfsizlikning boshqa ustuvor yo‘nalishlari uchun 7,4 milliard dollar so‘ragan. AQSh prezidenti Kongressdan so‘ragan mablag‘ning umumiy miqdori 106,7 milliard dollarni tashkil etdi.

Ushbu mablag‘ning katta qismi turli shakllarda harbiy yordamga, shu jumladan o‘z texnikasini Kiyevga topshirgan Amerika armiyasining zaxiralarini to‘ldirishga mo‘ljallangan. Mablag‘lar shuningdek, Isroilning raketaga qarshi mudofaa tizimini mustahkamlashga yo‘naltirilishi kerak. Bundan tashqari, Oq uy bayonotiga ko‘ra, Isroil va qo‘shni davlatlardagi elchixonalar uchun xavfsizlik choralari kuchaytiriladi. Yordam paketi Hindiston-Tinch okeani mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash uchun mablag‘larni ham o‘z ichiga oladi. Qayd etilganidek, mintaqadagi ittifoqchilar Xitoydan kelayotgan tahdid tufayli bunday yordamga muhtoj. Shuningdek, AQSh hukumati muntazam ravishda rekord miqdordagi noqonuniy chegarani kesib o‘tish holatlari haqida xabar beradigan AQSh janubiy chegarasidagi vaziyat Qo‘shma Shtatlar uchun milliy xavfsizlikda ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.

Kongressdagi vaziyat beqaror

Bayden so‘ragan qo‘shimcha mablag‘lar tasdiqlanadimi yoki yo‘qmi va bu qachon yuz berishi noma’lum, deb ta’kidlaydi Bloomberg. Vakillar palatasida respublikachilar, Senatda esa demokratlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Senatda demokratik prezidentning iltimosi katta ehtimol bilan qo‘llab-quvvatlansa-da, parlament quyi palatasida respublikachilar ko‘pchiligining sezilarli qismi Ukrainaga yordamni davom ettirishga qarshi. Qolaversa, AQSh Kongressi Vakillar palatasida yetakchi yo‘qligi sababli qonun ijodkorligi ishi ko‘p jihatdan falaj holatda.

Bir kun avval Oval kabinetdan xalqqa qilgan telemurojaatida Bayden Vakillar palatasini Ukraina va Isroilga tezda qo‘shimcha yordam ko‘rsatishni boshlashga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina va Isroilning g‘alabasi «Amerika xavfsizligi uchun hayotiy muhim» va unga sarflangan mablag‘lar bir necha avlodlar uchun «dividend» olib keladi. «HAMAS va Putin har xil turdagi tahdidlarni ifodalaydi. Lekin ularda umumiy narsa bor. Ular qo‘shni demokratiyalarni butunlay yo‘q qilmoqchi», - deya ta’kidladi AQSh prezidenti. «Kichik» va «yovuz» partiya siyosati «buyuk xalq sifatidagi mas’uliyatimiz yo‘lida to‘sqinlik qilmasligi kerak», deya qo‘shimcha qildi u. 

Mavzuga oid