«To‘rt oyoqli» mototsikl

Yaponiyaning Suzuki kompaniyasi Japanese Mobility Show tadbirida MOQBA deb nomlangan yangi turdagi transport vositasi konsepsiyasini taqdim etdi. 

Foto: Suzuki

MOQBA’ning maksimal tezligi 32 km/s bo‘lib, akkumulyatori to‘liq quvvatlantirilganda 80 km masofani bosib o‘tish imkoniga ega.

Innovatsion qurilma faqat bitta odamni ko‘tara oladi. Motosiklning afzalligi shundaki, uni doimiy boshqarishi shart emas, faqat yo‘nalishni belgilashning o‘zi kifoya. Bu harakatlanishi cheklangan insonlar yoki jarohatlanganlarni tashishda qulay.

MOQBA tekis yuzada harakatlanadigan g‘ildiraklar bilan ham jihozlangan, biroq u notekis joylarda ham yura oladi. 

Inson fikrlarini o‘qiydigan mashina

Nissan kompaniyasi inson ongini o‘qish funksiyasiga ega bo‘lgan kelajak elektr minivenining konsepsiyasini namoyish qildi. Hyper Tourer deb nomlangan avtomobilning ichida 360 daraja aylana oladigan 4 ta o‘rindiq bo‘ladi.

Foto: Nissan

Miniven avtopilot yordamida boshqariladi. Kreslolardan birida rul bor, lekin uni ishlatish shart emas.

Foto: Nissan

Hyper Tourer’ning asosiy xususiyati sun’iy intellekt asosida qurilgan aqlli tizimdir. Salonga o‘rnatilgan datchiklar yordamida avtomobil yo‘lovchilarning miya faoliyatini, yurak urishi, nafas olishi va terlashini kuzatishi mumkin. Ushbu ma’lumotlarga asoslanib, neyron tarmoq avtomobil ichidagi musiqa va yoritishni o‘zgartiradi.