LIVeRPUL –EVeRTON (21 oktyabr, 16:30)

Liverpul derbilari doim shiddatli kechadi. Agar «Enfild» sohiblari chempionlik poygasida bo‘lsa-yu, o‘tgan ikki turdagi ochko yo‘qotishlardan keyin g‘alabadan boshqasi qoniqtirmasa, «Everton» oxirgi to‘rt o‘yindan uchtasini g‘alaba bilan yakunlab, nihoyat eng yaxshi sport formasiga qaytayotgan bo‘lsa. Buning ustiga, siz ikki hafta davomida klublar futbolini sog‘inib o‘tirgan bo‘lsangiz-u, futbol haftasi aynan mana shu o‘yin bilan boshlansa...

«Liverpul» odatda, ayniqsa «Enfild»da derbini o‘z foydasiga hal qiladi. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, deyarli har yili, oxirgi besh mavsumning to‘rttasida unisida bo‘lmasa, bunisida «Everton» raqibidan ochko oladi ham. Shundan kelib chiqsak, albatta, «Everton»da ham imkoniyat mavjud va o‘yin juda murosasiz kechishi tabiiy.

Shuningdek, «Liverpul» tarkibida yo‘qotishlar ko‘proq ekanini ham ta’kidlash kerak. Alkantara hali to‘liq tiklangani yo‘q, Gakpo va Bayjyetichlarning tayyor bo‘lishi so‘roq ostida. Bundan tashqari, Endryu Roberson Shotlandiya tarkibidagi o‘yinda jarohat olib maydonni erta tark etdi. Chap qanot himoyachisi kamida bir oy sheriklariga yordam bera olmas ekan. Kyortis Jons esa «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda olgan qizil kartochkasi tufayli diskvalifikatsiya muddatini o‘tashda davom etmoqda. «Everton» safida yo‘qotishlar deyarli yo‘q. To‘g‘ri, Alli, Gomesh, Koulman kabi futbolchilar yordamidan murabbiy foydalana olmaydi, ammo bu futbolchilar o‘tgan mavsumda jarohatlanganlaricha hali mashg‘ulotlarga qaytishgani yo‘q.

Yana bir qiziq fakt, «Liverpul» o‘z maydonidagi o‘yinlarda qatorasiga mag‘lubiyat nimaligini bilgani yo‘q. «Everton» esa to‘rt uchrashuvdan beri safarda yutqazmay kelmoqda.

MANCheSTeR SITI – BRAYTON (21 oktyabr, 19:00)

O‘tgan yili Pep Gvardiola Braytondagi o‘yindan so‘ng shogirdlariga yechinish xonasiga yo‘l olgan De Dzerbini ko‘rsatib, jamoada o‘zidan keyin voris sifatida aynan italiyalik murabbiyni ko‘rishini aytgan ekan. Rostan ham o‘yin uslubi, futbol falsafasi bo‘yicha De Dzerbi Gvardiolaga o‘xshab ketadi va ancha kamtarona tarkib bilan ishlashiga qaramasdan, ba’zi ko‘rsatkichlar bo‘yicha «Manchester Siti»dan ham yaxshiroq natijani ko‘rsatayotgani tahsinga sazovor.

Umuman, go‘yoki hozirdan Angliya chempionatini yutib bo‘lgandek darajada mukammal o‘yin ko‘rsatib kelgan Pep Gvardiola shogirdlariga so‘nggi oyda nimadir bo‘ldi. Yoki aslida muammolar avval ham bo‘lgan, faqat taqvimning biroz qulayligi sababidan «Siti»ning natijalari ko‘p kamchilikni yopib turgan, go‘yoki jamoa kuchni tejash rejimida o‘ynayotgandek tasavvur paydo qilgandi. Ammo yo‘q, De Bryuynening yo‘qligi, Holandning sport formasi va ayniqsa, so‘nggi uch o‘yinda diskvalifikatsiyaga uchragan Rodrining o‘rni bilinar ekan. Orada bo‘lib o‘tgan Leypsigdagi g‘alabani aytmasa, Angliya doirasidagi qatorasiga uch o‘yinda «Manchester Siti» mag‘lubiyatga uchradi. APL doirasida qatorasiga ikki o‘yinni Pep Gvardiola oxirgi marta besh yil oldin boy bergandi. Qatorasiga uch o‘yinni g‘alabasiz o‘tishi esa, murabbiyning Angliyadagi faoliyatida oxirgi marta 2017 yilda ro‘y bergan. «Brayton» mana shu 6 yillik tarixni yangilash uchun maydonga tushadi.