Jahon | 14:08 / 22.10.2023
22277
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Davlat departamenti mulozimi Isroilga harbiy yordam tufayli iste’foga chiqdi

Foto: Lisi Niesner / Reuters

Davlat departamenti mulozimi Josh Pol AQShning HAMAS harakati hujumidan keyin Isroilga harbiy yordam ko‘rsatish qaroridan norozi bo‘lgani uchun iste’fo berdi. Bu haqda The Washington Post xabar bermoqda.

Josh Pol 11 yildan buyon departamentning qurol yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi siyosiy-harbiy ishlar byurosida AQSh kongressi va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktor lavozimida ishlab kelayotgandi.

U prezident Jo Bayden ma’muriyatining Isroilga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha qarorini «impulsiv reaksiya» deb atagan hamda falastinlik tinch aholining o‘limiga hissa qo‘shayotgan ishni davom ettira olmasligini bildirgan.

«Men Isroil hukumati [HAMAS] hujumiga javob qaytarish va himoyalanish huquqiga egaligini tan olaman. Ammo masala shundaki, bu jarayonda qanchalab falastinlik bolalar halok bo‘lishi mumkin», — degan Pol. Uning so‘zlariga ko‘ra, iste’fosini e’lon qilgani va buning sabablarini izohlaganida, Davlat departamentidagi ko‘plab hamkasblari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

AQSh Davlat departamenti izoh berishdan bosh tortgan. WSJ nashri qayd etishicha, Polning iste’fosi — Bayden ma’muriyatidagi Isroilni qo‘llab-quvvatlashiga qarshi kamdan kam norozilik namunasidir.

Isroil HAMAS hujumining ertasiga, 8 oktyabr kuni AQShdan qo‘shimcha harbiy yordam so‘ragandi. Shu kuni Pentagon Isroil armiyasiga qo‘shimcha texnika va resurslar, jumladan, o‘q-dori yetkazib berishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar O‘rta Yer dengizi sharqiga aviatashuvchi kema jo‘natgan hamda mintaqada F-35, F-15, F-16 qiruvchi samolyotlari va A-10 shturmoviklaridan iborat eskadrilyasini kuchaytirdi.

Keyinroq O‘rta Yer dengiziga Amerikaning yana bir aviatashuvchisi yo‘l oldi, mintaqaga dengiz piyodalarining qo‘shimcha kontingenti yuborildi. Bayden 18 oktyabr kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashuvda AQSh Isroilning tinchlik va erkinlikka bo‘lgan intilishini «bugun ham, ertaga ham, doimo» qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Mavzuga oid