Toshkent shahri Sergeli tumanidagi omborxonada portlash yuz berganiga 28 oktyabrda bir oy bo‘ladi. Aholi xonadonlariga yetkazilgan zararni qoplash, uylarni ta’mirlash ishlari esa hamon davom etyapti. Kun.uz muxbiri portlash zarar yetkazgan hududda bo‘lib, ta’mirlash ishlari qanday olib borilayotganini o‘rgandi.
Toshkent shahri Sergeli tumanida joylashgan Interlogistics MChJ hududidagi omborxonada 28 centyabr kuni yong‘in va portlash sodir bo‘lgandi. Portlash oqibatlarini o‘rganish va bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan Hukumat komissiyasi holat yuzasidan jinoyat ishi doirasida 4 nafar shaxs qamoqqa olingani, 1 nafariga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llangani haqida xabar bergandi.
Shuningdek, o‘rganishlar natijasida omborxonada katta miqdorda kimyoviy moddalar, qurilish va boshqa mahsulotlar belgilangan talablarga rioya qilinmasdan aralash holda saqlangani aniqlandi. Ta’kidlanishicha, omborxonada saqlanayotgan kimyoviy modda va materiallarning o‘zaro ta’sirlanishi va kimyoviy o‘z-o‘zidan yonishi yuzaga kelib, portlash sodir bo‘lgan.
Buning oqibatida 39 ta ko‘p qavatli uydagi 1370 ta xonadon hamda 246 ta yerli xonadonning, 1 maktab va 1 bog‘chaning fasad, oyna-rom, eshik va tom qismiga ziyon yetkazilgan va umumiy zarar miqdori 14,5 mlrd so‘mni tashkil etgan. Hozir ushbu obektlarga pudrat tashkiloti biriktirilib, qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Quruvchilar dahasidagi 9A ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqarolardan biri Kun.uz muxbiri bilan suhbatda zarar yetgan xonadonlar oxirigacha ta’mirlanmasdan tashlab ketilayotganini aytdi.
«Ta’mirlashda faqat oynalarni to‘g‘ri qo‘yib berishdi xolos. Qo‘yilgan eshiklarda tutqich yo‘q, ustiga-ustak to‘g‘ri qo‘yilmagan, yaxshi yopilmaydi ham. Qilib berishadi deb ustalarning raqamini berishgandi, qo‘ng‘iroq qilsak, boshqa joyga tushib qoldingiz, deyishyapti. Bizga yashashga yaroqsiz holda berishdi uyni. 20 kun boshqa joyda yashab, endi o‘zimiz tuzatish uchun ustalar qo‘ydik. Pul topgan odamlar-ku amallab qilyapti, imkoni yo‘qlar-chi, sovuqda qoladimi? Ta’mirlash bu faqat oyna qo‘yish degani emas-ku», — deydi u.

9V uyda yashovchi Feruza Aytimbetovaning aytishicha, ustalar faqat balkon bilan mehmonxona o‘rtasidagi derazadan boshqa hamma joyni ta’mirlab bergan. Mas’ul shaxslar bir necha kun ichida qolgan joyni ham ta’mirlab beramiz deb va’da berib ketgan.
















