Amerika va Yevropa qit’asidagi ayrim davlatlar u yerlarga borish istagidagilar uchun yashash huquqiga qo‘shimcha 30 ming dollargacha pul ham va’da qilyapti. Italiya va Xorvatiya kabi davlatlarda uy-joylar atigi 2 mingdan 12 ming so‘mgacha sotilmoqda. Kun.uz mazkur davlatlar ro‘yxati, u yerlarga ko‘chib borish shartlari, “yangi mezbon”larga to‘lanadigan mablag‘lar miqdori hamda ariza uchun havolalar haqidagi ma’lumotlarni saraladi.

So‘nggi paytlarda internet tarmoqlarida Kanada, Shveytsariya, Germaniya, Italiya, Irlandiya va shunga o‘xshash orzudagi o‘nlab davlatlarda u yerlarga ko‘chib keluvchilar uchun fuqarolik berilayotgani, kamiga “yangi mezbonlar”ga jaraq-jaraq oylik pul to‘lovlari ham va’da qilingani aytilayotgan ma’lumotlar bolalab ketdi. Bu gaplar rostmi? Bular bor gap. Qanday qilib, kimlarga, biz-chi, qachon, qaysi davlatlarga?” kabi beriladigan savollaringizga esa, mana, biz oldindan birma-bir javob topib qo‘ydik.

Bunday qarorlarga sabab bo‘lgan omillar 

Amerika va Yevropa qit’asida joylashgan Kanada, Chili, Ispaniya, Italiya, Angliya, Irlandiya, Shveytsariya va boshqa bir qator rivojlangan, iqtisodiy barqaror davlatlar xorijlik fuqarolarning kelib yashashlari uchun yaxshigina pul taklif qiladigan loyihalarni boshlagan. Ya’ni siz u yerlarga borasiz, hujjatlarni rasmiylashtirasiz va oylik to‘lovlaringizni cho‘ntakka solib, ertaknamo umrguzaronlik qilasiz. 

Haqli savol tug‘iladi: bu davlatlarni bunday grantlar va dasturlar joriy etishga nima majbur qildi? Sabablar har xil:

  • tug‘ilishlar kamayib, aholi sonining qisqarib borayotgani;
  • kichik shaharlar va qishloqlardagi odamlarning yirik megapolislarga intilishi ortidan u yerlardagi iqtisodiy richagning buzilishi;
  • o‘qimishli fuqarolarning tug‘ilib o‘sgan joylariga qaytmasligi sababli binoyidek uy-joy va qishloqlar kimsasiz ruh hududlarga aylanib borayotgani;
  • ayniqsa, yoshlarning kamligi tufayli joylarga “yangi qonlar” kerakligi kabi obektiv va sub’yektiv oqibatlar hududlarni qayta jonlantirish masalasini o‘rtaga qo‘ymoqda. 

Shuni avvaldan aytib qo‘yish kerakki, yotqizib qo‘yib pul to‘laydigan davlat hech qayerda yo‘q. Har bir yaxshi sharoit va’dasi ostida ma’lum shartlar