A guruhi

«Bavariya»ning rekordi

«Galatasaroy» — «Bavariya» 1:3
Gollar: Ikardi (30, penalti) — Koman (8), Keyn (73), Musiala (79). 
«Galatasaroy» – Muslera, Boe, Bardakchi, Sanches, Karatash (Anxelinio, 75), Oyxon (Ndombele, 80), Torreyra, Zaa (Ziyosh, 75), Oqturko‘g‘li (Yilmaz, 75), Tete (Mertens, 56), Ikardi.
«Bavariya» – Ulrayh, Mazraviy (Sarr, 78), de Ligt, Kim, Devis, Kimmih, Laymer, Koman (Tel, 83), Sane, Musiala, Keyn (Shupo-Moting, 83).
Ogohlantirishlar: Sane (14), Laymer (32), Tete (53), Oyxon (62), Devis (90).

«Galatasaroy» ilk daqiqalardan oldinga tashlandi, ammo «Bavariya» ilk yaxshi hujumidanoq mezbonlar mudofaasini yorib o‘tib, qulay pozitsiyaga chiqib borgan Koman hisobni ochdi. Bu tajribaning yaqqol ko‘rinishi edi, fransuz futbolchisi asosiy yevrokubokda qatorasiga yetti o‘yinda gol urmoqda. Ammo tezkor gol Istanbulda oson g‘alaba qozonishni kafolatlay olmasdi.

Birinchi bo‘lim yakunlariga ko‘ra zarbalar bo‘yicha ustunlik «Bavariya» foydasiga emasdi — 3:16. Ikardi esa bittadan ko‘proq gol urishi mumkin edi, ammo u faqat o‘zi ishlagan penaltini aniq ijro etish bilan cheklandi. Bunday o‘yinda panenka zarbasi yo‘llash —kuchli raqibga qarshi yaxshi ma’nodagi beadablik bo‘ldi.

Ammo tanaffusda Tomas Tuxel ideal ish olib bordi. Ikkinchi bo‘limda «Bavariya» mudofaada ishonchli, hujumda esa tajovuzkorroq o‘ynay boshladi. Avvaliga Musleraning jarima maydoni ichidagi uzatmasidan keyin Keyn tovoni bilan to‘pni darvozaga yo‘llashga urindi, zarba himoyachidan qaytganidan keyin ham angliyalik hujumchi uni darvoza to‘riga yo‘llashni uddaladi va bu vaziyat o‘yinda burilish yasadi. Biroz o‘tib Musiala Keynning uzatmasini golga aylantirib, yakuniy hisobni o‘rnatdi.

«Sherlar»ning yevrokuboklardagi sakkiz o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasi yakunlandi, «Bavariya» esa turnirning guruh bosqichida 37 o‘yindirki yutqazmayapti va qatorasiga 16 o‘yinda g‘alaba qozondi. Myunxenliklar YeChL rekordlarini yaxshilamoqda, seshanba kuni yana bir rekord yangilandi. Bungacha hech bir jamoa qatorasiga sakkiz safar uchrashuvda g‘olib chiqmagandi — «Yuventus»ning bu boradagi natijasi eskirdi.

«Manchester Yunayted» — «Kopenhagen» 1:0