Axborot texnologiyalari sohasi oxirgi o‘n yilliklarda ulkan transformatsiyalarni o‘z boshidan kechirdi va butun hayotimizni o‘zgartirib yubordi. Bulutli texnologiyalar, 5G va internet, milliardlarni qamrab olgan ijtimoiy tarmoqlar, medianing aql bovar qilmas taraqqiyoti... Bu mislsiz kashfiyotlarni yana davom ettirish mumkin. Shubhasiz, butun dunyo miqyosida shov-shuv ko‘tarishga ulgurgan sun’iy intellekt va u bilan bog‘liq holda qalqib chiqqan mutlaqo yangi yo‘nalishlar bu texnologik yangiliklarning eng cho‘qqisi bo‘ldi.  

Sun’iy intellekt o‘zi nima? U qanday ishlaydi?

Siz ko‘rib turgan ushbu uskuna sun’iy intellekt tomonidan boshqariladi. Asosiy vazifasi yangi dori vositalarini yaratish bo‘lgan bu qurilma protein, nukleid, kislota singari kimyoviy moddalar bilan molekulyar darajada (“donalab” deb o‘qisangiz ham bo‘ladi) ishlaydi. Sun’iy intellekt tadqiqotlarni uzluksiz ravishda davom ettirar ekan, ma’lumotlarni real vaqt rejimida tahlil qilib boradi. Kerakli natijaga erishilmaguncha millionlab variantdagi turli ssenariylarni sinab ko‘radi.

Yangi dori yaratish juda katta mehnat, vaqt va xarajat talab qiladigan ish. Masalan, proteinlar yordamida o‘tkaziladigan tajribalarning muvaffaqiyat ko‘rsatkichi 10 foizdan ham kam. Har bir omadsiz natija esa o‘rtacha 30-200 million dollarga tushadi. Ammo sun’iy intellekt texnologiyalarining kirib kelishi farmatsevtika sohasida ham inqilobiy burilishlar yasamoqda. Ilgari o‘n yillab vaqt sarflangan tadqiqotlar mashina tafakkuri yordamida imitatsiya qilinib, aql bovar qilmas darajada tez va eng muhimi, o‘ta katta xarajatlarsiz ro‘yobga chiqarilyapti. Suratdagi uskunani ishlab chiqqan Atomwize kompaniyasi 10 yil ichida biofarma sohasida dunyo bo‘yicha yetakchilardan biriga aylandi. O‘tgan yili dori ishlab chiqaruvchi gigant Sanofi u bilan 1,2 milliard dollarga teng shartnoma imzoladi.

Bu – sun’iy intellekt texnologiyalari yaratib bergan imkoniyatlarga bitta misol. Bugunga kelib odamlar allaqachon ushbu kashfiyotdan matn (maqola, dissertatsiya va hatto she’r) yozish, rasm/video/audioni qayta ishlash va yangilarini yaratish, murakkab kasalliklarga diagnoz qo‘yish, kompyuter dasturlari yozish, korxonalarni boshqarish, marketing, suhbatlashish, veb-saytlar yaratish singari maqsadlarda foydalanmoqda.

Oddiy so‘zlar bilan aytadigan bo‘lsak, sun’iy intellekt (ingl. Artificial intellegence) – kompyuter tizimlarining shu vaqtgacha insonlarga xos bo‘lgan ijodkorlik va intellektual faoliyatni bajarish qobiliyatidir.