Jahon | 12:27 / 27.10.2023
6003
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh, Yaponiya va Koreya KXDRdan Rossiyaga qurol yetkazib berilishini qoraladi

O‘z bayonotida uch davlat tashqi ishlar vazirlari KXDRdan qurol yetkazib berilishi Ukrainada qurbonlar sonini oshirishini ta’kidladi. AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya yadroviy texnologiyani Pxenyanga o‘tkazish imkoniyatidan xavotir bildirgan.

Foto: AP

AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya Shimoliy Koreyaning Ukrainaga qarshi urush uchun Rossiyaga harbiy texnika va o‘q-dorilar yetkazib berishini keskin qoraladi. «Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bir qanchasi amalga oshirilgan bunday ta’minotlar Rossiya urushi qurbonlari sonini sezilarli darajada oshiradi. Biz xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda Rossiyaning KXDRdan harbiy texnikani qo‘lga kiritishga urinishlarini aniqlashda davom etamiz», — deyiladi uch davlat tashqi ishlar rahbarlarining 25 oktyabr, chorshanba kuni AQSh Davlat departamenti saytida e’lon qilingan qo‘shma bayonotida

Hujjatda ta’kidlanishicha, «Rossiyaning KXDRdan harbiy yuklar olib, urushni uzaytirishga urinishlari fonida AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya Ukraina suvereniteti va Rossiya urushi oqibatlariga qarshi turishga urinishlarini qo‘llab-quvvatlash qat’iyatini tasdiqlaydi».

Pxenyanga yadro texnologiyasi berilishi xavfi 

Uch nafar tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, «Rossiya Pxenyanning harbiy maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Shimoliy Koreyaga berayotgan har qanday materialni diqqat bilan kuzatishda» davom etishini aytdi. 

Ular KXDRga qurol-yarog‘ yetkazib berish va undan olib kelish, shuningdek, KXDRga ma’lum qismlarni yetkazib berish va Pxenyanning ommaviy qirg‘in qurollari, ballistik raketalar hamda oddiy qurollarni yaratish dasturlari bilan bog‘liq texnik hamkorlik BMTning qator qoidalarini buzishini ta’kidladi. 

Vazirlar yadroviy va raketa texnologiyalarining Pxenyanga har qanday uzatilishi ehtimolidan xavotir bildirdi, chunki bu «xalqaro hamjamiyatning nozik texnologiyalar mintaqaviy xavfsizlikni beqarorlashtiruvchi, tinchlik va barqarorlikka tahdid soluvchi sub’yektlar qo‘liga tushishining oldini olishga qaratilgan sa’y-harakatlarini xavf ostiga qo‘yadi». 

Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik 

Sentyabr oyi o‘rtalarida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyada uchrashib, harbiy sohada keng hamkorlik qilish bo‘yicha kelishib olgan edi. Bundan oldin G‘arb OAV Pxenyanning texnologiya evaziga Rossiyaga artilleriya o‘q-dorilari va qurollarini topshirish niyati haqida xabar bergan. 

AQSh Milliy xavfsizlik kengashining Oq uydagi strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi aytishicha, Shimoliy Koreya Ukrainaga qarshi urush uchun Rossiyaga harbiy texnika va o‘q-dorilar solingan mingta konteyner o‘tkazib bergan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid