Livandagi Hizbulloh harakati Isroildan G‘azoni bombardimon qilishni to‘xtatishni talab qilib, aks holda yahudiylar davlatiga hujum qilishga tayyor ekanini ta’kidlamoqda. Xo‘sh, qator davlatlar terrorchi deb hisoblaydigan bu tashkilotning harbiy salohiyati qanaqa, qo‘llovchilari kim? Ularning urushga qo‘shilishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?
Kun.uz muxbiri “Geosiyosat” dasturida shu kabi savollarga siyosiy tahlilchi Farhod Karimovdan javob oldi.
— Hizbulloh o‘zi qanday guruh yoki tashkilot?
— Hizbulloh – dunyoda o‘z qo‘shini, infratuzilma va moliyasiga ega bo‘lgan yagona siyosiy partiya hisoblanadi. 1947 yilda BMTning Isroil masalasida rezolyutsiyasi qabul qilingach, arab davlatlari va Isroil o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘ladi, bu urushlarda arablar mag‘lub bo‘lgan. Shunday bir holatda 1978 yilda butun arab dunyosi Misr vakilligida Isroil bilan to‘qnashuvlarni to‘xtatadi va ortga chekinadi. Natijada butun arab dunyosidagi odamlar norozi bo‘ladi. Shundan keyin arab jamiyatlarida Isroilga qarshi ijtimoiy-siyosiy guruhlar shakllanadi, shulardan biri – Hizbulloh.
1978 yilda Eronda Islom inqilobi bo‘lgach, mintaqadagi shiaviy guruhlarga katta ta’sir qiladi, ya’ni ular bundan ruhlanadi. Livanda o‘sha paytda yaxshi inklyuziv hukumat shakllangan, shularning orasida shialar guruhi ham bor edi. Eronning qo‘llovi bilan ular har tomonlama kuchayadi va shialarning siyosiy harakati shakllanadi. Talabalarning, boshqa guruhlarning harakatlari ham birlashib, 1982 yilda Hizbulloh vujudga keladi.
Bu tashkilotning asosiy moliyalashtiruvchisi, harbiy qo‘llovchisi Eron hisoblanadi, yashirilmaydi bu, Eronning tashqi siyosiy konsepsiyalarida ham belgilangan. Tashkilot Isroilga qarshi vosita sifatida tashkil etiladi, boshida siyosiy bo‘lmaydi, faqat harakat, harbiy kuch sifatida bo‘ladi. 1992 yilda Livanda siyosiy partiya sifatida tan olinadi va Husan Nasrullo rahbar etib tayinlanadi (u hozirgacha Hizbullohni boshqarib kelmoqda). Shundan keyin strukturaga ega bo‘lgan, tizimli tashkilot sifatida faoliyat olib boryapti.
Hizbulloh 1993 yilda Livanda parlament saylovlarida ishtirok etib, 12 ta o‘rinli fraksiyaga ega bo‘ladi. Isroil arablar bilan so‘nggi to‘qnashuvlardan keyin ancha yerini kengaytirgan. Livanning ham janubiy hududlari Isroil nazoratiga o‘tgan edi. 2000 yilda Isroil bu hududlardan chiqib ketgach, qayta bunday holat bo‘lmasligi uchun bu hudud Hizbulloh harbiylariga topshiriladi. Hozir o‘sha yerlarni qo‘riqlayotgan, nazorat qilayotgan Hizbulloh bo‘ladi.















