HAMAS harakati a’zolarining Isroilga qonli hujumidan buyon ikki haftadan oshiq vaqt o‘tdi.

O‘shanda darhol barchaning e’tibori Isroilni yo‘q qilish g‘oyasi birlashtiradigan HAMASga ham, «Hizbulloh»ga ham homiylik qiluvchi Eronga qaratilgandi.

Eron ko‘magiga tayanadigan «Hizbulloh» urushga kirishi mumkinmi? BBC sharhlovchisi Kseniya Gogitidze ushbu masalani tahlil qildi.

7 oktyabrdan buyon ushbu guruh jangarilari va Isroil harbiylari o‘zaro zarbalar almashmoqda, ammo otishmalar va to‘qnashuvlar ko‘lamli so‘nggi vaqtlarga qadar cheklangan darajada qolayotgandi.

O‘tgan hafta oxirida vaziyat keskinlashishda davom etdi. Juma kuni isroillik rasmiylar Livan bilan chegara yaqinidagi Kiryat-Shmon shahridan odamlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Shanba kuni «Hizbulloh» bir vaqtning o‘zida Isroilning bir necha harbiy obektlariga hujum qildi, isroilliklar aviatsiyasi va quruqlik kuchlari «Hizbulloh» pozitsiyalari bo‘ylab zarbalar yo‘llash bilan javob qaytardi. Otishmalar yakshanba kuni ham davom etdi. Livanliklar ham chegara hududlarni tark etishga qaror qilgan.

Yaqin kunlarda chegaradagi keskinlik darajasi ortib borishi mumkin, ammo «Hizbulloh» hech bo‘lmaganda hozircha ochiqchasiga mojaroga qo‘shilmaydi, degan xulosaga kelmoqda ekspertlar.

HAMAS Isroilga hujum qilarkan, avvalboshdan mintaqadagi boshqa radikal guruhlar, birinchi navbatda «Hizbulloh»ning yordamiga umid bog‘lagandi va hozirda o‘zini tashlab qo‘yilgandek his qilmoqda, deya taxmin bildirgan L’Orient-Le Jour gazetasi.

HAMAS asoschilaridan biri bo‘lgan Xolid Mashal o‘tgan haftada «Hizbulloh»ga qilayotgan ishlari uchun minnatdorchilik bildirdi, ammo bu «yetarli emasligi»ni qo‘shimcha qildi.

Nimani so‘nggi tomchi deyish mumkin?

«Hizbulloh» a’zolarining 2023 yil mayidagi mashg‘ulotlari

O‘z navbatida, «Hizbulloh» Isroil ma’lum bir «qizil chiziq»ni kesib o‘tmagunicha mojaroda bevosita ishtirok etishdan manfaatdor emasligini bildirgan, lekin bu nimani anglatishiga aniqlik kiritilmagan.

Saudiyadagi nashrlar «Hizbulloh»ga yaqin manbalariga tayangan holda quyidagilarni qizil chiziqlar deb hisoblash mumkinligini taxmin qilgan: 1) G‘azoda quruqlik amaliyoti boshlanishi; 2) qurbonlar soni aqlga sig‘mas darajada oshib ketishi; 3) guruhning Eron «qarshilik o‘qi» tarkibiga kiruvchi rahbarlaridan biri o‘ldirilishi; 4) «Hizbulloh» pozitsiyalariga hujumlar.