09:00 / 27.10.2023
13522

Yaqin Sharqdagi mojaro: dunyoda energiya inqirozi yuz berishi mumkinmi?

Neft narxi HAMASning hujumidan oldingi darajaga deyarli qaytdi. G‘arbning qo‘rquvi va Rossiyaning umidlari oqlanmadi. AQSh Venesuelaga qarshi sanksiyalarni bekor qila boshladi.

Foto: Bloomberg

Yaqin Sharqdan har kuni harbiy harakatlar haqida xavotirli xabarlar kelayotgan bo‘lsa-da, bir haftadirki jahon bozorida neft narxi pasayib bormoqda. Bundan tashqari, ular G‘azo sektoridan, Isroil, shuningdek, HAMAS hujumiga uchragan hududlardan ham, «Hizbulloh» Livandan jangovar harakatlarda qatnashayotgan shimoldan ham kelyapti. Shu tariqa, mintaqadagi zo‘ravonlik kuchayishda davom etmoqda, ammo bu fonda neft arzonlashyapti.

Brent nefti 87 dollar atrofidagi ko‘rsatkichga qaytdi 

7 oktyabr kuni, harbiy harakatlar boshlanishidan oldingi so‘nggi kunlarda Yevropaning Brent nefti turi narxi bir barrel uchun 84 dollardan 86 dollargacha bo‘lgan edi. 19 oktyabrda narxlar taxminan 93,5 dollarga yetdi va shu tariqa bu oyning maksimal qiymati bo‘ldi, shundan so‘ng u pasayishni boshladi. Endi esa, 26 oktyabrda kotirovkalar deyarli asl darajasiga qaytdi. Savdo paytida deyarli 86,5 dollarga tushdi va bu xabar e’lon qilinganda u 87,5 dollar atrofida edi. 

Ammo gap shundaki, sentabr oyi davomida neft 85 dollardan 95 dollargacha bo‘lgan. Buning Yaqin Sharqqa hech qanday aloqasi yo‘q, lekin OPEK+ a’zolari tomonidan ishlab chiqarishni qisqartirish va ushbu kartel yetakchilari - Saudiya Arabistoni va Rossiyaning alohida sa’y-harakatlari natijasi bo‘ldi: ular bir tomonlama ravishda neft qazib olish bo‘yicha qo‘shimcha sun’iy cheklovlarni e’lon qildi. Ko‘pgina kuzatuvchilar Rossiyaning hozirgi mojaroda Falastinga yaqin pozitsiyasi ko‘p jihatdan Moskvaning neft narxi yanada oshishiga umidi bilan bog‘liq, degan fikrda: hozir Ukrainadagi urushni davom ettirish uchun haqiqatan ham pul kerak.

Biroq, Yaqin Sharqda vaziyat yomonlasha boshlaganidan uch hafta o‘tgach, ushbu mintaqaning (va Rossiyaning) asosiy eksport mahsuloti narxi kuz boshidan beri kuzatilgan koridorning pastki qismiga tushdi. Boshqacha qilib aytilsa, yangi urush hozirgi kunga qadar neft jahon narxlarining qisqa va unchalik kuchli bo‘lmagan o‘sishiga olib keldi, lekin umuman olganda, ularga sezilarli ta’sir ko‘rsatmadi. Shunga ko‘ra, u hozircha jahon iqtisodiyotiga yangi energiya inqirozi bilan tahdid solmaydi.

Kuzda belgilangan daraja may-iyun oylariga qaraganda yuqori (72-77 dollar) bo‘lgan bo‘lsa-da, lekin hali ham Yevropaning eng yirik - Germaniya iqtisodiyoti uchun juda maqbuldir. Germaniyada ifo instituti tomonidan oylik hisoblab chiqiladigan ishbilarmonlik kayfiyati indeksi olti oy ichida birinchi marta oshgani haqidagi 25 oktyabr kungi hisobotni sharhlar ekan, ushbu tadqiqot markazi eksperti Klaus Volrabe Yaqin Sharqda mojaroning keskinlashgani Germaniya iqtisodiyotiga ta’sir qilgani yo‘q, dedi. Uning qo‘shimcha qilishicha, keyingi keskinlashuv neft narxi ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas.

ADAC nemis avtomobil klubi o‘zining haftalik hisobotida «yonilg‘i narxining biroz pasayganini» ta’kidladi: benzin minimal, dizel biroz ko‘proq tushdi. Bu sodir bo‘ldi, deb tushuntirdi ADAC o‘z veb-saytida, chunki «Yaqin Sharqda kuchayib borayotgan mojarodan tashvishlanish biroz pasayganga o‘xshaydi». 

Eron ham vaziyatni keskinlashtirmayapti 

Harbiy harakatlar boshlanganidan keyingi dastlabki kunlarda Isroil armiyasi G‘azo sektorida quruqlikda keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazadi va bu mojaroga bir qator arab davlatlari, ayniqsa HAMAS bosh homiysi sifatida Eronning aralashuviga olib keladi, degan fikr bor edi. Shuningdek, Isroil voqeada Eronni ayblashi va AQSh ko‘magida unga qarshi zarbalar berishi bo‘yicha taxminlar ham bildirildi.

Ammo bu sodir bo‘lmadi. Isroil quruqlikda hujumni boshlagani yo‘q va G‘azo sektoriga havodan zarbalar bermoqda, shu bilan birga, mintaqadagi boshqa davlatlar falastinliklarni diplomatik yo‘l bilan qo‘llab-quvvatlayapti, ammo harbiy yordam taqdim etmayapti. Eron ham Hurmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ymadi. Bu, odatda, Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyatning har qanday keskinlashuvida jahon neft bozoridagi eng katta xavotirga sabab bo‘ladi, chunki bu holda neft tankerlari Fors ko‘rfazini tark eta olmaydi - va jahon bozori yonilg‘i taqchilligiga duch keladi.

«Menda Eron yoki boshqa davlatlar Isroilga ochiqdan-ochiq hujum qilmoqchi, degan taassurotga ega emasman. Bu katta eskalatsiya ehtimolini kamaytiradi, - dedi Commerzbank bosh iqtisodchisi Yorg Kremer DW nashriga. - Bozor buni to‘g‘ri tushunayotganga o‘xshaydi, bu neft narxining mo‘’tadil reaksiyasidan ko‘rinib turibdi».

Qanday bo‘lmasin, hozirgi vaziyat 1973 yildagi neft inqirozini eslatmaydi, o‘shanda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi OPEK arab davlatlari urushda Isroilni qo‘llab-quvvatlagani uchun g‘arbni jazolashga qaror qilgan. Shundan so‘ng Yaqin Sharq eksportchilari AQSh va G‘arbiy Yevropaga neft yetkazib berishga embargo joriy etdi, bu esa yonilg‘i narxining misli ko‘rilmagan darajada oshishiga, g‘arb mamlakatlari uchun og‘ir iqtisodiy inqirozga va jiddiy inflatsiyaga olib keldi. 

O‘shandan beri yarim asr davomida G‘arbiy Yevropa mamlakatlari neftga, ayniqsa, Yaqin Sharq neftiga qaramligini keskin kamaytirdi va Qo‘shma Shtatlar slanets ishlab chiqarish bumi tufayli neft importiga bog‘liqlikni butunlay to‘xtatdi. Shu bilan birga, arab ishlab chiqaruvchilari uchun Xitoy va boshqa Osiyo mamlakatlari asosiy xaridorlarga aylandi, shuning uchun jahon narxlarining kuchli o‘sishi ushbu mijozlarning manfaatlariga zarar yetkazadi. 

AQSh Venesuelaning neft sektoriga sarmoya kiritishga ruxsat berdi 

Bundan tashqari, 20 oktyabr kuni, HAMAS hujumidan ikki hafta o‘tib, AQSh ma’muriyati Venesuelada muxolifatga yon bosgan rejimga nisbatan sanksiyalarni yumshatdi hamda uning neft va gaz sohasiga sarmoya kiritish uchun ruxsatnomalar berdi. Venesuela jiddiy e’tibordan chetda qolgan va shuning uchun ishlab chiqarishni darhol oshirishga qodir emas, ammo bu shunday yirik potensial neft yetkazib beruvchini jahon bozoriga qaytarish yo‘lidagi muhim qadamdir. 

O‘rta muddatli istiqbolda bunday siyosiy manyovr energiya inqirozi xavfini kamaytiradi, ammo uni to‘liq bartaraf etmaydi. Harbiy harakatlar boshlanganidan keyin oshgan jahon neft narxining tushishi aynan 20 oktyabrda boshlangani bejiz emas. 

Mavzuga oid
Top