Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 2 foiz bandga oshirib, yillik 15 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu so‘nggi 4 oy ichida asosiy stavkaning to‘rtinchi marta oshirilishi hisoblanadi. Xususan, Rossiya bosh regulyatori asosiy stavkani iyul oyida 1 foizga, avgust oyida (rubl kursining qulashi fonida) 3,5 foizga va sentabrda yana 1 foiz bandga ko‘targan edi.
«Hozirda inflatsiya bosimi sezilarli darajada oshdi, bu Markaziy bank prognozlaridan ham yuqori. Bunday sharoitda narxlar oshishining belgilangan ko‘rsatkichlardan yuqoriga og‘ish ko‘lamini cheklash va inflatsiya darajasini 2024 yilda 4 foizga qaytarish uchun pul-kredit siyosati yanada qat’iylashtirilishi zarur», deya izoh bergan Rossiya MB.
Asosiy stavka nima?
Markaziy bank asosiy stavkasi – inflyatsion targetlash rejimi doirasida pul-kredit siyosatini yuritishning asosiy instrumenti bo‘lib, Markaziy bankning tijorat banklari bilan amalga oshiradigan pul-kredit operatsiyalari bo‘yicha mo‘ljal foiz stavkasi hisoblanadi. Ushbu stavkani o‘zgartirish orqali Markaziy bank iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan pul-kredit sharoitlarini belgilab boradi.
Asosiy stavkaning vazifasi quyidagilardan iborat:
- mamlakatdagi inflatsiyani sekinlashtirish yoki qisman to‘xtatib turish;
- banklarning tadbirkorlar va fuqarolarga beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining eng kam darajasini belgilash;
- Markaziy bankning banklarga ularning qisqa muddatli likvidligini qo‘llab-quvvatlash uchun beriladigan qayta moliyalashtirish krediti qiymatini aniqlash;
Sodda qilib tushuntiriladigan bo‘lsa, Markaziy bank belgilangan asosiy stavkadan kelib chiqib, tijorat banklariga kredit beradi. O‘z navbatida tijorat banklari olingan pulga o‘z foizini qo‘shib jismoniy va yuridik shaxslarga kredit yoki qarz ko‘rinishida qayta tarqatadi. Asosiy stavkaning oshishi o‘z navbatida tijorat banklari tomonidan fuqarolarga taqdim qilinadigan kreditlar foizlari ham oshishiga ta’sir o‘tkazadi.
Rossiya Markaziy banki nega stavkani oshirmoqda?
Rossiya Bosh regulyatorining tushuntirishicha, ichki talabning o‘sishi ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyatlaridan oshib ketgan. Bunday sharoitda inflatsiya bosimini kamaytirish uchun pul-kredit siyosatini qat’iylashtirish zarur. Shuningdek, ishchi kuchi tanqisligi sharoitida ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyatlari ham cheklangan.









