28 oktyabr kuni Isroil mudofaa armiyasi vakili, general-mayor Nir Dinar qo‘shin qismlari G‘azo sektoriga kirganini tasdiqladi. «Bizning qo‘shinlar va tanklar G‘azo sektorida bo‘lib turibdi. Ular o‘t ochadi va harakatlanadi», — deya uning so‘zlarini keltirgan The New York Times. Dinar Isroil qo‘shinlari va  tanklari «bir kun oldin ham sektorda bo‘lgani»ni qo‘shimcha qilgan. Katta ehtimol bilan u TsAHAL so‘nggi kunlarda sektorda o‘tkazgan reydlarni nazarda tutgan.

G‘azo sektori aholisi Isroilning urush boshlanganidan buyon eng intensiv hujumlari haqida xabar berdi. Haʼaretz nashri G‘azo sektorining sharqiy qismida yashovchi mahalliy aholi vakiliga asoslangan holda sektorning shimoliy qismi tunda «to‘xtovsiz bombardimon» qilinganini xabar qilgan. Nashr shuningdek sektorning markaziy qismida va janubda Xon-Yunisda ham harbiy harakatlar olib borilganini bildirgan. HAMAS va «Islom jihodi» vakillari G‘azo shimolida isroillik harbiylar bilan to‘qnashuv boshlanganini tasdiqlagan. Haʼaretz ayni vaqtda qurbonlar sonini baholash imkonsizligi, chunki tibbiy brigadalar bilan aloqa uzilib qolganini ma’lum qilgan.

HAMASdagilar isroilliklarning hujumlariga «to‘liq kuch bilan» qarshilik ko‘rsatilishini bildirgan. Sky News xabariga ko‘ra, 28 oktyabr kuni guruh Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va uning «mag‘lub armiyasi hech qanday harbiy g‘alabaga erisha olmasligi»ni bildirgan. 

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin isroillik hamkasbi Yoav Galant bilan suhbatda «Isroil mudofaa armiyasining amaliyoti vaqtida tinch aholini muhofaza qilish» kerakligini aytgan. Ostin shuningdek G‘azoda tinch aholi vakillari uchun insonparvarlik yordamlari yetkazilishi muhimligini qayd etgan. 

Isroil rahbariyatining bayonotlari va va’dalari

Shanba kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Tel-Avivda yaqinlari HAMAS qo‘lida garovda bo‘lgan isroilliklar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Garovdagilarning oila a’zolari G‘azo sektoridagi harbiy harakatlar faollashganidan xavotir bildirishgan.

«Garovdagilar va yo‘qolganlarning oilalari forumi» Isroil qo‘shini G‘azo sektori shimoliga kirgan tun «eng dahshatlisi» bo‘lganini ma’lum qilgan.

Ular hech kim «quruqlik amaliyoti garovdagi 229 kishining hayoti va sog‘ligini xavf ostiga qo‘ydirishi mumkinligi» borasida hech qanday izoh bermayotganidan shikoyat qilishgan.

Netanyahu ularni uyga qaytarish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishiga va’da bergan.