Mustaqillikdan buyon ilk marta o‘zbekistonliklarni keng ko‘lamli ro‘yxatga olish boshlanishi kerak
Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qonun, prezident farmoni asosida hukumat qarori qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra 2023 yil 1 — 25 noyabr kunlari O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilishi kerak. Hujjatda, ro‘yxatga olish boshlanishining aniq payti 2023 yil 1 noyabr soat 00:00 etib belgilangan. Ro‘yxatga olishni o‘tkazish davomiyligi — 25 kun.
Respondentlarning shaxsga doir ma’lumotlarini yig‘ishda ro‘yxatga olish sanasidan keyin sodir bo‘lgan demografik holatlar hisobga olinmaydi. 2023 yil 1 noyabrdan keyin tug‘ilgan bolalar uchun ro‘yxatga olish varag‘i shakllari va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlari to‘ldirilmaydi, biroq ushbu sanadan keyin vafot etgan shaxslar uchun to‘ldiriladi. Bunda vafot etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar uning voyaga yetgan, muomala layoqatiga ega oila a’zolari yoki mahalla idorasidagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi.
“Umrachi” turfirmalarning ishi qiyinlashdi
Vazirlar Mahkamasi 2023 yil 1 noyabrdan boshlab amalga kiritiladigan qarori bilan Umra tadbirlarini tashkil etuvchi turfirmalar uchun talablar kuchaytirilmoqda.
Xususan, endilikda o‘zbekistonliklarga Umra ziyorati xizmatlarini ko‘rsatish faqat mahalliy turoperator tomonidan amalga oshiriladi va quyidagi qo‘shimcha talablarni bajarishi kerak:
- Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish xizmatlarini ko‘rsatish uchun firmada qo‘shimcha ravishda diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bir nafar mutaxassisning mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumot;
- Umra xizmatiga litsenziya olish uchun 100 ming dollardan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasi uchun ochilgan bank rekvizitiga zaxira qiladi;
- Umra xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning mutaxassislarini tayinlash.
Qarorga ko‘ra, Umra xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatish taqiqlanadi. Umra xizmatlari Saudiya Arabistoni podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.















