Jahon | 13:19 / 01.11.2023
8462
4 daqiqa o‘qiladi

Bayden Vakillar palatasining Isroil bo‘yicha rejasini rad etadi

AQSh prezidenti Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olmagan, faqat Isroilga yordam ko‘rsatuvchi qonun loyihasiga veto qo‘yadi, deya ma’lumot berdi Oq uy. Senat ham Vakillar palatasi taklifiga shubha bildirmoqda.

Foto: Elizabeth Frantz / Reuters

AQSh Senatidagi demokratlar va respublikachilar Vakillar palatasidagi respublikachilarning bir vaqtning o‘zida Ukrainaga yordam bermasdan, Soliq boshqarmasini moliyalashtirishni qisqartirish orqali Isroilga 14,3 milliard dollar yordam ko‘rsatish rejasiga shubha bildirdi. 31 oktyabr, seshanba kuni jurnalistlar bilan suhbatda Senatdagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnel qonun loyihasiga to‘rt mintaqa – Ukraina, Isroil, Tayvan va AQShning Meksika bilan chegarasiga tegishli choralarni kiritish zarurligini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Senatdagi demokratik ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumer Vakillar palatasida taqdim etilgan qonun loyihasini «bema’ni taklif» deb atadi. Agar u quyi palata tomonidan qabul qilinsa, Senatda hech qanday imkoniyati bo‘lmaydi, dedi u jurnalistlarga. 

Oq uy: Bayden veto qo‘yadi 

Oq uyning xabar berishicha, AQSh prezidenti Jo Bayden bu hujjatga hatto u ikkala palatada ham ovoz berishdan o‘tib, ish stoliga qo‘yilsa ham veto qo‘yadi va imzolashdan bosh tortadi. «Ushbu qonun loyihasi Isroil uchun yomon, Yaqin Sharq va o‘z milliy xavfsizligimiz uchun yomon», - deya Reuters Oq uy ma’muriy-budjet boshqarmasi vakilining so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

Vakillar palatasida respublikachilar yaqin kunlarda qonun loyihasini ma’qullashi kutilmoqda. 

Vakillar palatasining yangi spikeri saylanganidan keyingi birinchi yirik qonun loyihasi 

30 oktyabr kuni Vakillar palatasida respublikachilar yangi spiker, Respublikachilar partiyasi vakili Mayk Jonson saylanganidan keyin birinchi yirik qonun loyihasini taqdim etdi. Hujjat faqat Isroilga yordam ko‘rsatish uchun qo‘shimcha xarajatlarni o‘z ichiga oladi. Hujjatda, jumladan, Isroilning Iron Dome va David's Sling mudofaa tizimlari uchun 4 milliard dollar, shuningdek, Iron Beam mudofaa tizimini rivojlantirish uchun 1,2 milliard dollar, jami 14,3 milliard dollar ajratish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, ushbu yordam paketining taqdim etilishi 2022 yilga qadar inflatsiyani kamaytirish to‘g‘risidagi qonun bir qismi sifatida moliyalashtirishni qisqartirishni o‘z ichiga oladi, buu demokratlar qabul qilishni talab qilgan va soliqlarni tartibga solish, sog‘liqni saqlash hamda iqlimni muhofaza qilish choralarini o‘z ichiga oladi. Ayni paytda, Bayden avvalroq umumiy qiymati 106 milliard dollar bo‘lgan paketni, jumladan, Ukraina va Isroilga yordam, shuningdek, Hind-Tinch okeani mintaqasida AQShni Xitoy bilan raqobatda mustahkamlash va Meksika bilan chegarada xavfsizlikni kuchaytirish choralarini taklif qilgan edi.

Vakillar palatasida respublikachilar ko‘pchilik ovozga ega (212 demokratga qarshi 221), Senatda esa demokratlar ko‘pchilik ovozga ega (49 ga qarshi 51). Qonun loyihasini qabul qilish tartibi ikkala palatada ovoz berish va prezidentning imzosini ham o‘z ichiga oladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid