Reydlar davomida hujum qilayotgan tomonning yo‘qotishlari haqida dastlabki ma’lumotlar ham paydo bo‘la boshladi. Isroil esa G‘azo shimolidagi qochqinlar lageriga zarba bergan va natijada o‘nlab odamlar halok bo‘lgan. Republic shu soatga kelib Yaqin Sharqda vaziyat qay ahvolda ekanini tahlil qildi.

Havodan va yerdan hujum

Isroil armiyasi (TsAHAL)ning janubiy qo‘mondonligi rahbari general-mayor Yaron Finkelman 31 oktyabr kuni G‘azo sektorida harakat qilayotgan harbiylarga qarata qilgan murojaatida «qo‘shin hujumga o‘tgani, uning maqsadi HAMAS va G‘azodagi terrorchilik guruhlarini yo‘q qilish» ekanini aytgan. «Bizning maqsadimiz bitta — g‘alaba. Biz tor ko‘chalarda, tunnellarda, qayerda zarur bo‘lsa o‘sha yerda jang olib boramiz. Biz qarshimizdagi qo‘rqinchli dushmanga zarba beramiz», — degan Finkelman.

So‘nggi sutka ichida TsAHAL 300 dan ortiq nishon, jumladan, HAMASning operativ shtabi, turli yerosti infratuzilmalari, jumladan, ko‘plab tunnellarni vayron qilgan. Reuters’ning yozishicha, zarba berilgan nishonlar orasida HAMASning shaxta ostidagi tanklarga qarshi raketalar va raketa uchiruvchi qurilmalari postlari bo‘lgan. Isroil mudofaa armiyasi shuningdek, G‘azo ko‘chalaridagi janglarning videosini ham e’lon qilgan.

Axios portali baholashicha, Isroil quruqlikdan hujumning boshlang‘ich bosqichida anklavga 20 ming harbiy kiritgan. Hozir u yerda TsAHALning kamida ikkita zirhli tank va piyodalar diviziyasi bor. Qayd etilishicha, Isroil armiyasi uchta zarbdor guruh shakllantirgan, unga tanklar, boshqa zirhli texnikalar, shuningdek, artilleriya kiradi. Ular chegaradagi «Erez» nazorat-o‘tkazish punkti va anklav shimolidagi Dugit aholi punktidan, shuningdek, janubiy-sharqiy qismdagi Kfar-Darom turargohi tomonidan (G‘azo sektorining qoq belidan) bostirib kirishgan. Isroil armiyasi rahbariyati TsAHAL garchi jiddiy yo‘qotishlarga uchrayotgan bo‘lsa ham G‘azo sektorida «katta» muvaffaqiyatlar qozonganini aytishmoqda.