Toshkent shahri Mirobod tumani Amir Temur shohko‘chasi 4-uy manzilida (Amir Temur xiyoboni oldida) joylashgan Raqamli texnologiyalar vazirligi va Aloqabank binolari sotilgan. Tegishli oldi-sotdi shartnomalari davlat xaridlari portaliga joylashtirilgan. Har ikkala ko‘chmas mulk obektining xaridori – Mikrokreditbank.

Aloqabank bosh ofisi binosi 317,15 mlrd so‘mga sotilgan. Kelishilgan pul miqdorining 35 foizi – 111 mlrd so‘m 30 kalendar kunida to‘lanishi kerak. Qolgan 206,15 mlrd so‘mni esa 2024 yilning oktyabr-noyabr oylarigacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash ko‘zda tutilgan.

Raqamli texnologiyalar vazirligi binosi 69,85 mlrd so‘mga xarid qilingan. Shartnoma bahosining 35 foizi – 24,45 mlrd so‘m bitim kuchga kirgan kundan keyin 1 oy muddatda, qolgan 45,41 mlrd so‘mni esa 2024 yilning noyabr oyigacha to‘lash kerak.

Har ikkala oldi-sotdi shartnomasi ham 2023 yil 11 oktyabr kuni tuzilgan.

“Qandoq qilib bunga ruxsat berilgan?”

Iqtisodchi Otabek Bakirov Mikrokreditbankning rentabelligi past ekaniga urg‘u berib, bir necha yuz milliardga bino sotib olayotganini tanqid qildi.

“Mikrokreditbank 0,7 foizlik kapital rentabelligiga ega, ya’ni bu bankka davlatning tikkan 1 mlrd puli 7 mln so‘m bo‘lib qaytadi.

1 oktyabr holatiga yuqori likvidli aktivlarning jami aktivlardagi ulushi 7,1 foizni tashkil etgan (minimum 10 foiz). Likvidlikni qoplash me’yori doimiy ravishda buzib kelinadi. Ya’ni agar Mikrokreditbank davlat banki bo‘lmaganida allaqachon litsenziyasi olinib, yopib tashlanishi kerak bo‘lardi.

Men bilmayman, qandoq qilib, o‘zi hatto to‘lovlarni moliyalashtirishga puli yo‘q bankka bir necha yuz milliardga bino olishga ruxsat berilgan. Kim moliyalashtiradi bu bitimni? Qaysi manbalar hisobidan (binoni sotayotgan bank qarz berib turadimi? Kengash a’zolari qayoqqa qaragan? Xabari bormi? Markaziy bank ruxsat berganmi shu bitimga? Qaysi asoslarda? Bu bitim omonatchi va kreditorlar manfaatlariga real xavf tug‘diradi-ku”, deya yozdi Otabek Bakirov.