«Arsenal»da hakamlarga e’tiroz ko‘p

«Nyukasl» – «Arsenal» 1:0
Gol: 1:0 – 64 Gordon.
«Nyukasl» – Poup, Trippiyer, Sher, Lassels, Bern (Livramento, 46), Bruno Gimaraes, Longstaff, Almiron (Myorfi, 63; Ritchi, 79), Joelinton, Gordon, Uilson (Uillok, 62).
«Arsenal» – Rayya, Uayt (Zinchenko, 73), Gabriel, Saliba, Tomiyasu, Jorjinio (Fabiu Viyeyra, 79), Rays, Haverts, Martinelli, Saka, Nketia (Trossar, 79).
Ogohlantirishlar: Haverts (37), Gordon (37), Longstaff (38), Sher (38), Bruno Gimaraes (88), Livramento (90).

Xalqaro maydonlarda «Milan» bilan safarda durang,  «PSJ» ustidan yirik g‘alaba, Angliyada «Siti» va «MYu» mag‘lub etilishi... Oq-qoralarning navbatdagi grandga qarshi o‘yini turning markaziy uchrashuvi bo‘lishi kutilayotgandi va amalda ham muxlislar bu o‘yinda zerikib qolishmadi.

Eddi Hau hafta o‘rtasida «MYu»ga qarshi o‘yinda (3:0) rotatsiya qilishga harakat qildi, ammo u qadar o‘xshamadi — jarohatlar tufayli «qarg‘alar»ning zayavkasi qisqardi va «Nyukasl»ning asosiy tarkib futbolchilarining aksari o‘sha kuni ham maydonga chiqishiga to‘g‘ri keldi. «Arsenal»ga qarshi o‘yinda Longstaff, Almiron, Joelinton va boshqalar ham boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi, bu yigitlar bir necha kundan keyin «Borussiya» bilan ham o‘ynashi kerak.

Mikel Arteta ham kubok o‘yinida rotatsiya qilgandi, ammo «Vest Hem»ga qarshi o‘yinda hisob yiriklashib ketgach, ikkinchi bo‘limda asosiy futbolchilarini baribir maydonga tashlashga qaror qildi va yakunda Edegor bitta javob goli urdi (1:3). «Sent-Jyeyms Park» stadioniga londonliklar toliqqan holda hamda ikki yetakchi futbolchisi Jyezus va Edegorsiz tashrif buyurdi.

Ikki klub ham bir necha frontda kurash olib borayotgani tufayli birinchi bo‘limda golli vaziyatlar deyarli bo‘lmadi, muxlislar sifatli futbol o‘rniga to‘qnashuvlar guvohiga aylandi. Bo‘lim o‘rtalaridan o‘tib hakam o‘yin tizginini qo‘ldan chiqarib yubordi.

Haversning foli o‘yindagi burilish nuqtasiga aylandi. «Arsenal»ning germaniyalik yarimhimoyachisi qanotda ikki oyog‘i bilan Longstaffga podkat qildi va bu maydonda janjal keltirib chiqardi. Hakam Styuart Attuell qoidabuzarga sariq kartochka ko‘rsatdi (futbolchi raqibga oyoqlarini gazondan uzmagan holda bordi va butsasining tag qismi bilan zarba bermadi), mezbon futbolchilar esa faollik bilan qizil kartochka ko‘rsatishni talab qilishdi, natijada hakam ularni tinchlantirish uchun uch kishiga - Entoni Gordon, Fabian Sher hamda jabrlanuvchi Longstaffning o‘ziga sariq kartochka ko‘rsatdi.