HAMASning Isroilga 7 oktyabr kungi hujumidan so‘ng e’lon qilingan ko‘plab reportajlar, tahliliy maqolalar va sharhlar haqida tushunish kerak bo‘lgan eng muhim jihatlardan biri shundaki, ularning mualliflaridan hech biri sodir bo‘layotgan voqealar haqida to‘liq ma’lumot bermaydi. Gap faqat urush tumani ortidagi jang maydonida nimalar bo‘layotganini ko‘rish qiyinligida ham emas. Shunchaki isroilliklar va falastinliklar o‘rtasidagi mojaroning yangi qiyofasi hali shakllanmadi.

BBC’ning xalqaro sharhlovchisi Jyeremi Bouen Isroilning HAMASga qarshi urushi Yaqin Sharqdagi vaziyatni qanday o‘zgartirganini ko‘rib chiqdi. Bu uning materialining tarjimasi, originalini ingliz tilida mazkur havola orqali o‘qish mumkin.

Voqealar hamon tez rivojlanmoqda. Urush hozirgi chegaralaridan tashqariga ham tarqalishidan real xavotirlar mavjud. Yaqin Sharqdagi yangi reallik yaqinlashmoqda, ammo uning aniq ko‘rinishi bu urush shu yil oxirigacha, ehtimol keyingi yil boshlarigacha qanday rivojlanishiga bog‘liq bo‘ladi.

Quyida allaqachon ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan va hali ko‘pchilik bilmaydigan ayrim jihatlar sanab o‘tiladi. Bu ro‘yxat yakuniy emas. AQSh mudofaa vaziri Donald Ramsfeld 2003 yil Iroqqa bosqin vaqtida «noma’lum noma’lumlar» haqida gapirganida kimlardir kulgan edi. Ammo dunyoning bu qismida, xuddi boshqa barcha joylarda bo‘lgani kabi, noma’lumliklarning mavjudligi real — va ular paydo bo‘lganida juda ko‘p narsaga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

1.

Mutlaqo ishonch bilan aytish mumkinki, Isroil aholisi armiyaning HAMAS va uning «kichik hamkori» — «Islom jihodi» guruhining kuchini sindirishga qaratilgan harbiy kampaniyasini qo‘llab-quvvatlaydi. HAMASning hujumi oqibatida Isroilda 1400 dan ortiq kishi o‘ldirilgani va 240 dan ortiq kishi garovga olingani (ular hamon G‘azoda ushlab turilibdi) ularni g‘azab otiga mindirgan.

Men Isroil armiyasining iste’fodagi generali Noam Tibon bilan gaplashdim. U rafiqasi bilan mashinada 7 oktyabr kuni hujumga uchragan, G‘azo sektori bilan chegaradosh Naxal-Oz kibutsiga borgani haqida aytib berdi. Uning vazifasi (qaysiki u uddalagan) o‘g‘li, kelini va ularning ikki qizchasini qutqarish bo‘lgan, ular HAMASning qurollangan a’zolari hududga kelishi bilan xavfsiz xonada yashiringan.

Tibon armiyada xizmat qilmayapti, ammo ushbu 62 yoshli erkak ajoyib jismoniy holatini saqlab qolgan. U halok bo‘lgan isroillik askarning avtomati va kaskasini olgan hamda o‘sha kuni tartibsizlik ichida yig‘ilgan harbiylar guruhini boshqarishiga to‘g‘ri kelgan. Ular kibuts hududini ozod etishgan hamda iste’fodagi generalning oila a’zolari hamda boshqa ko‘plab kishilarning hayotini saqlab qolishgan.