«Mintaqada oqibatini hech kim bartaraf eta olmaydigan juda jiddiy va juda xavfli voqealar bo‘lib ketishi mumkin», degan shayx Naim Qosim BBC muxbiri Orle Gerin bilan Bayrutda o‘tgan intervyuda.
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Hizbulloh» shialar harakati amalda Livanni nazorat qiladi. Harakat yetakchisi o‘rinbosari hisoblangan shayx Naim Qosim esa Yaqin Sharqdagi eng ta’sir doirasi katta odamlardan biri. Bu intervyu olingan vaqtda HAMAS tomonidan nazorat qilinadigan G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘lg‘ada Isroil raketa zarbalari oqibatida 10 mingdan ortiq odam halok bo‘lganini xabar qilgandi.
Isroil HAMASning 7 oktyabrdagi reydlariga javoban bir oydan buyon G‘azoni o‘qqa tutmoqda. Yetmaganiga bo‘lgada quruqlik amaliyotini ham boshladi. Isroil tomoni HAMAS bilan urush boshlanganidan keyin 1400 nafar fuqarosi halok bo‘lgani, ularning mingdan ortig‘i tinch aholi vakillari bo‘lganini bildirgan.
«Mojaro yiriklashib ketishi xavfi juda yuqori. Chunki Isroil agressiyani kuchaytirib, tobora ko‘proq bolalar va ayollarni o‘ldirmoqda. Axir shuncha ishlar bo‘lib ketayotgan bir vaqtda mintaqada mojaro kattalashmaydi, deb aytish mumkinmi? Menimcha, yo‘q», degan shayx Naim Qosim.
Uning fikricha, eskalatsiya kuchayishiga faqat Isroil aybor bo‘ladi: «Qilinajak har qanday ishning javobi bo‘ladi», degan «Hizbulloh» vakili.
Ma’lumot uchun, «Hizbulloh» harakatini Britaniya, AQSh va Arab davlatlari ligasi terrorchilik tashkiloti deb biladi. «Hizbulloh» Livandagi eng yirik siyosiy va harbiy kuch hisoblanadi.
Hozircha «Hizbulloh» G‘azodagi urushga to‘laqonli qo‘shilgani yo‘q va Isroil pozitsiyalariga raketa zarbalari berish bilan cheklanmoqda. Isroil esa harakatga aviazarbalar bilan javob qaytarmoqda. Isroil tomoniga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon «Hizbulloh»ning 70 nafar vakili o‘ldirilgan.
Yakshanba kuni, Isroilning Livan janubiga bergan raketa zarbasi oqibatida bir ayol va uch bola halok bo‘lganidan keyin «Hizbulloh» mojaro boshlanganidan buyon ilk marta «Grad» raketa tizimi orqali Isroilni o‘qqa tutdi. Oqibatda Isroil tomondan ham tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.
Yaqinda harakat yetakchisi Hasan Nasrulloh ko‘pchilik uzoq kutgan chiqishida Livanda o‘ldirilgan har bir tinch aholi vakili uchun chegaraning Isroil tomonida ham kimningdir o‘ldirilishi ko‘rinishida javob berilishini aytgandi. Ammo «Hizbulloh» lideri ko‘pchilik kutganiga zid o‘laroq Isroilga urush ochilishi haqida e’lon qilmadi.
















