Madridda o‘ta o‘ngchi Vox partiyasi asoschisining yuziga qarata o‘q uzildi
OAV xabarlariga ko‘ra, ispan siyosatchisi Alexo Vidal-Kuadras noma’lum shaxs tomonidan o‘q uzilganidan so‘ng tirik qolgan.

Foto: AP
Ispaniyalik siyosatchi Alexo Vidal-Kuadras Madriddagi hujumda yaralandi: mahalliy politsiyaning 9 noyabr, payshanba kuni xabar berishicha, o‘ta o‘ngchi Vox partiyasi asoschilaridan birining yuziga noma’lum shaxs tomonidan o‘q uzilgan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 78 yoshli Vidal-Kuadras kasalxonaga yetkazilganda hushida bo‘lgan, hozir uning hayoti xavf ostida emas. Politsiya qora Yamaha mototsiklida yashiringan ikki kishini qidirmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘q otgan shaxsda maxsus bosh kiyimi - shlem bo‘lgan.
Hujum sabablari hozircha noma’lum, politsiya o‘g‘irlikka urinish versiyasini istisno qilmadi va tergov boshladi. Bundan tashqari, suiqasd Madridda o‘ng va o‘ta o‘ngchi partiyalar tarafdorlari ishtirokidagi tartibsizliklar va norozilik namoyishlari fonida sodir bo‘ldi. Namoyishchilar Ispaniya bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Pedro Sanchesning kataloniyalik bo‘lginchilarga amnistiya e’lon qilish rejalariga qarshi chiqqan.
Ispaniya konservatorlari va o‘ta o‘ngchilar Sanchesga qarshi
Vidal-Kuadras 1990-yillarda Kataloniyadagi konservativ Ispaniya xalq partiyasining raisi bo‘lgan. 1999 yildan 2014 yilgacha u Yevroparlament vitse-prezidenti bo‘lib ishlagan, 2013 yilda esa o‘ng qanot ekstremistik Vox partiyasining asoschilaridan biriga aylandi, biroq 2014 yilda Yevropa parlamentida a’zolik mandatini qo‘lga kiritish uchun muvaffaqiyatsiz urinishdan keyin bu partiyani tezda tark etdi.
Vox va konservatorlar Kataloniya mustaqilligi tarafdorlari uchun amnistiya qonunini keskin tanqid qilmoqda. Bu qonun evaziga separatistlar sotsialist Sanches boshchiligidagi yangi hukumat tuzilishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu u yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, bosh vazir lavozimida qolishi mumkinligini anglatadi.
Vidal-Kuadras ko‘p yillar davomida siyosiy faol bo‘lmagan, lekin sharhlovchi va ommaviy axborot vositalari kuzatuvchisi sifatida omma oldida chiqish qilishda davom etgan. Hujumdan bir necha soat oldin u X platformasida (sobiq Twitter) post e’lon qildi va unda Sanches boshchiligidagi Ispaniya Sotsialistik ishchilar partiyasi hamda Kataloniya separatistik partiyasi o‘rtasidagi amnistiya to‘g‘risidagi kelishuvni keskin tanqid qildi. Vox va konservatorlar bir necha hafta davomida amnistiya qonuni va Sanchesga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari uyushtirmoqda.
Mavzuga oid

13:42 / 02.05.2025
"Toshkent-Madrid" yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovlari yo‘lga qo‘yildi

14:00 / 21.10.2024
Madridda hukumatga qarshi ko‘p ming kishilik aksiya o‘tkazildi

22:19 / 09.09.2024
Madrid elektrosamokatlar ijarasini taqiqlab qo‘ydi

12:00 / 28.08.2024