15:20 / 11.11.2023
5431

Portugaliya prezidenti parlamentni tarqatib yubordi

Portugaliya prezidenti bosh vazir iste’foga chiqqanidan so‘ng parlamentni tarqatib yubordi va 10 martda muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini e’lon qildi. 

Marselu Rebelu di Souza Foto: Armando Franca/AP Photo/picture alliance

Portugaliya prezidenti Marselu Rebelu di Souza bir palatali parlament –   Respublika assambleyasini tarqatib yubordi va muddatidan oldin saylovlarni 2024 yil 10 martga tayinladi. Bu haqda davlat rahbari 9 noyabr kuni kechqurun, korrupsiya mojarosi tufayli bosh vazir Antoniu Koshta iste’foga chiqqanidan ikki kun o‘tib xalqqa telemurojaatida ma’lum qildi

Di Souza parlamentdagi partiyalar va prezident huzuridagi maslahat organi – Davlat kengashi bilan maslahatlashuvlardan so‘ng parlamentni tarqatib yuborish va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u vaziyatga «ko‘proq oydinlik» kiritmoqchi va saylovlar orqali «xalqqa ovozni qaytarish» yo‘li bilan hukumatga «kuchli yo‘nalish» bermoqchi. 

Saylovlargacha Koshta Portugaliya bosh vaziri vazifasini bajaruvchi bo‘lib qoladi, bu 2024 yil uchun davlat budjetini tasdiqlash imkonini beradi, bu borada ovoz berish 29 noyabrga belgilangan. 

Portugaliyadagi korrupsiya mojarosi 

7 noyabr kuni 2015 yilda bosh vazir lavozimini egallagan Antoniu Koshta o‘z qarorgohida o‘tkazilgan tintuvlardan bir necha soat o‘tgach, «yuzaga kelgan vaziyatda» respublika prezidentiga iste’foga chiqish haqida ariza berganini ma’lum qildi. 

Avvalroq mahalliy OAV politsiya tomonidan nafaqat Koshtaning qarorgohida, balki Infratuzilma va Atrof-muhit vazirliklari hamda boshqa binolarda ham keng ko‘lamli tintuvlar o‘tkazgani haqida xabar bergan edi. Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, jami 40 ga yaqin bino tintuv qilingan. Bundan tashqari, besh kishi, jumladan Koshta ma’muriyati rahbari Vitor Eshkaria, Sinish shahri meri va bir qancha tadbirkorlar qo‘lga olingan. Portugaliya prokuraturasi bu ma’lumotni tasdiqladi. 

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, tintuvlar noqonuniy faoliyat, jumladan, poraxo‘rlik va Portugaliya bilan Ispaniya chegarasi yaqinidagi Montalegre mintaqasida litiy qazib olish uchun imtiyozlar berishdan foyda olish, shuningdek, Sinish shahri yaqinida «yashil vodorod» ishlab chiqarish bo‘yicha gumonlar fonida o‘tkazilgan.

Top