Uning so‘zlariga ko‘ra, Falastin qurollangan guruhlari tomonidan 7 oktyabr kuni sodir etilgan xunrezliklar va tinch aholi vakillarini garovda ushlab turishda davom etish harbiy jinoyat sanaladi.

«Isroil tomonidan Falastin fuqarolari kollektiv jazolanishi ham, tinch aholini majburiy evakuatsiya qilish ham harbiy jinoyat sanaladi», — deya o‘zining Isroilga bo‘lgan pozitsiyasini sharhlagan Turk.

HAMAS tomonidan nazorat qilinadigan G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, Isroil bombalashlari natijasida o‘tgan bir oy ichida 10 mingdan ziyod kishi halok bo‘lgan.

Bu raqamlar ishonchliligini mustaqil tekshirib ko‘rish ayni paytda imkonsiz.

Xo‘sh, xalqaro tashkilotlar, tribunallar tomonidan qoraladigan va jazoga tortiladigan xalqaro jinoyatlar nima? BBC bu borada ekspertlarni savolga tutdi.

Xalqaro gumanitar huquq nima?

BMTdagilar har qanday mojaroda tinch aholini himoya qilish ustuvor bo‘lishi, jang qilayotgan hech bir tomon bu prinsipni buzmasligi kerakligini eslatadi.

Mana shu xalqaro gumanitar huquq degani — xalqaro huquqiy me’yorlar hamda urushni olib borish usullari va vositalarining xalqaro ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan majmui.

«Ushbu qoidalar tomonlardan biri tomonidan qo‘pol ravishda buzilishi ikkinchi tomonnning shunday harakatlarini aslo oqlamaydi», — deydi Tara Van Ho, Buyuk Britaniya inson huquqlari bo‘yicha markazi Esseks yuridik maktabi dotsenti.

Xuddi shuningdek, Isroil va HAMAS kuchlari orasida nomutanosiblik tomonlardan birining majburiyatini o‘zgartirmaydi, deya davom etgan Ho.

Urushni olib borish qoidalari mojaroga jalb etilgan barcha davlatlar va tomonlar uchun bir xil. Foto: Getty Images

Jyeneva konvensiyalari nima deydi?

1939-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi davrida Yevropa bo‘ylab olti million yahudiy o‘ldirilishi, boshqa millat va ijtimoiy guruhlarga nisbatan genotsid, shuningdek, harbiy asirlarning huquqlari urushga jalb etilgan barcha tomonlar tarafidan poymol etilishi urushdan keyingi dunyoni avvalgi urush qoidalarini qayta ko‘rib chiqishga majburlaydi.