Rossiya davlat axborot agentliklari «Dnepr» guruhi qo‘mondonligi Dnipro daryosi yoqasidagi qo‘shinlarni sharqqa olib ketishga qaror qilgani haqida xabar tarqatdi. Bunday xabar 13 noyabr kuni soat 11 da RIA Novosti va TASS tomonidan e’lon qilindi. «Mavjud vaziyatni baholab, „Dnepr“ guruhi qo‘mondonligi qo‘shinlarni Dneprning sharqidagi qulayroq pozitsiyalarga o‘tkazishga qaror qildi, deb xabar qildi Rossiya mudofaa vazirligi. Vazirlik qayta guruhlash ishlaridan so‘ng, „Dnepr“ boshqa yo‘nalishlarda hujum paytida ishlatiladigan kuchlarning bir qismini ozod qilishini qayd etgan»,— deyilgan RIA Novosti telegram-kanalida joylashtirilgan xabarda.
Taxminan 10 daqiqa o‘tib davlat axborot agentliklari o‘z xabarlarini o‘chirib yubordi. TASS «qayta guruhlash» to‘g‘risidagi xabar «xatolik» bilan chiqib ketganini ma’lum qilgan. «Biz obunachilarimiz va o‘quvchilarimizdan uzr so‘raymiz», — deyiladi ikkinchi xabarda. «2023 yil 13 noyabr kuni soat 10:50 da „,Dnepr‘ guruhi qo‘shinlari nisbatan qulayroq pozitsiyaga o‘tkazilayotgani“ to‘g‘risidagi xabar bekor qilindi», — deyiladi RIA Novosti saytida.
RF mudofaa vazirligi «qayta guruhlanish» to‘g‘risidagi xabarni «provokatsiya» deb atagan. «Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot markazi nomidan Dnipro hududida qo‘shinlarning go‘yoki „qayta guruhlangani“ haqidagi yolg‘on xabar tarqalishi provokatsiyadir», — deyilgan RBK so‘roviga javoban vazirlikda. «Ostorojno, novosti» telegram-kanali RIA Novostidagi manbasiga tayanib xabar berishicha, agentlik qo‘shinlar olib ketilishi haqidagi ma’lumotni RF mudofaa vazirligining «taxminlarga ko‘ra, Ukraina hududidan turib yuritiladigan» soxta akkauntidan olgan. Buni tasdiqlovchi boshqa manbalar yo‘q.
RF prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov barcha savollar rossiyalik harbiylarga berilishi kerakligini bildirdi. «Bu nima bo‘lganda ham mutaxassislar, professionallarning, ya’ni bizning harbiylarning huquqi», — degan Kreml rasmiysi.
Ukraina armiyasi «qayta guruhlanish» to‘g‘risidagi xabarni «Ukrainaga qarshi axborot xuruji» deb atagan. Milliy qarshilik markazi (Ukraina QK maxsus amaliyotlar kuchlari tomonidan tuzilgan) esa, o‘z navbatida, mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bu hududda Rossiya qo‘shinlarining harakatida o‘zgarishlar qayd etilmagan.
Frontning mazkur uchastkasidagi vaziyat haqida qisqacha
Ukraina qo‘shini bir yil muqaddam Xersonni ozod etgan, Rossiya armiyasi esa yarim yildan ortiq vaqt davomida okkupatsiya ostida bo‘lgan hududlarni tashlab chekingan va Dnipro daryosining chap sohilida yangi mudofaa chizig‘ini barpo etishga kirishgandi.


















