Rossiya armiyasidagi manbalar Ukraina qurolli kuchlari nafaqat Rossiya okkupatsiyasi ostidagi hududga o‘tgani va Xerson oblastida Dnipro sohilining chap sohilida yaxshi himoyalangan hududda ilk bor platsdarm tashkil etganini, balki u yerga harbiy texnikalarini ham olib o‘tayotganini tasdiqladi. BBC’ning Ukraina qurolli kuchlaridagi manbasiga ko‘ra, Ukraina QK shu nuqtadan nisbatan keng ko‘lamli yurishni boshlamoqchi — bu orqali Rossiya qo‘shinlarini bo‘lib tashlash va ularning ta’minot liniyasini uzib qo‘yish mo‘ljallangan.

«Ha, ular biz tomonda. Krinki hududida mustahkamlanib olishdi. U yerda kamida 500 nafar ukrainalik borligi aniq», – degan Rossiya batalyonlaridan birining harbiysi.

Harbiylar yorib o‘tish va Krinkining egallanishidan oldin Dniproning istilo ostidagi sohilida Ukraina qurolli kuchlarining bir qancha diversiya-razvedka guruhlari harakatlanganini aytishgan. Ular rossiyalik harbiylar, o‘t o‘chiruvchilar yoki FVV xodimlarining liboslarini kiyib olib, «Gazel» va «Jiguli» rusumli avtomobillarda yurishgan. «Pozitsiyalarimizga juda yaqinlashib kelishgan. Biznikilar qarab turganida — ularning barchasini yiqitishgan», – degan BBC manbasi.

Dnipro orqali qilingan shunday hujumlardan keyin piyodalar ham daryoni kechib o‘tishgan va Krinki atrofidagi o‘rmonzorga kirishgan. «19, 20, 21 oktyabr kunlari bu yerda bizni to‘zitib yuborishdi. Ammo keyin bizga dengiz piyodalarini yordamga yuborishdi va biz faqat shu tufayli omon qoldik. U yerda tanklarni ko‘rmadim, ular tanklarini narigi sohildan Antonovka hududidan haydab o‘tishgan. Ammo ular bizning bir qancha mashinalarimizni ham egallab olishgan», – degan harbiylardan biri.

Ukrainalik harbiylar soatiga 100 km tezlikda harakatlanuvchi qayiqlardan foydalanishmoqda, kuzda esa kuchli tuman sharoitida ularni kuzatish murakkab, deydi harbiylardan biri.

Ukraina qurolli kuchlari chap sohildan parvoz qilgan vertolyotlardan ham foydalanmoqda, ular juda pastlab uchib, rossiyaliklarning pozitsiyalarini boshqarilmaydigan raketalar bilan o‘qqa tutmoqda va keyin ortiga qaytib ketmoqda.

«Allaqachon bir necha kishi asir olingan. Bizning komandir barcha o‘rinbosarlari bilan birgalikda qo‘lga tushgan. Bizda vaziyat og‘ir. Tunda ikkita rotamizni yakson etishdi. Ukrainlar Krinki hududida mustahkam o‘rnashgan va ularni hozircha ortga surib tashlay olmaymiz. Kunora emas, har kuni almashtirishsiz navbatchilikdamiz. Odamlar yetarli emas. Qolaversa, barcha qo‘rquvda…»

Bir hafta oldin rossiyalik harbiylarning ratsiyalari olib ketilgan — dasturiy ta’minotni yangilash uchun va shundan buyon ular aloqasiz jang qilishmoqda. «Biz olti kundan buyon qo‘ldan kelgancha harakatlanyapmiz. Ko‘r-ko‘rona. Hozirda vaziyat biroz tinchlangan, lekin boshqa vaqtlarda bu yerda hamma narsa titrab turadi. Blindaj ustiga otishadi».