Jahon | 16:16 / 15.11.2023
10204
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda Rossiyaning «Igla» komplekslari ishlab chiqariladi

Rossiya va Hindiston «Igla-S» ko‘chma zenit-raketa komplekslarini yetkazib berish va litsenziyali ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma imzoladi, deb ma’lum qildi «Rosoboroneksport» rahbari TASSga. 

Foto: Ognen Teofilovski / Reuters

Rossiya Hindistonga «Igla-S» ko‘chma zenit-raketa komplekslarini (KZRK) yetkazib beradi, shuningdek, ushbu mamlakatda ularni litsenziyali ishlab chiqarishni tashkil qiladi. TASS agentligi 14 noyabr, seshanba kuni «Rosoboroneksport» bosh direktori Aleksandr Mixeyevga tayanib, tegishli shartnoma tuzilgani haqida xabar berdi. 

Hindistonda raketa komplekslarini ishlab chiqarish 

«Biz tegishli hujjatni imzoladik va hozirda hind xususiy kompaniyasi bilan birgalikda Hindistonda «Igla-S» KZRK ishlab chiqarishni tashkil etmoqdamiz», dedi u Dubai Airshow 2023 xalqaro aerokosmik ko‘rgazmasida. Shu bilan birga, ishtirokchi hind kompaniyalari va ehtimoliy ishlab chiqarish muddati ochiqlanmagan.

TASS Defense News ma’lumotlarini keltirgan, unda kelishuvning qiymati 1,5 milliard dollargacha bo‘lishi mumkinligi aytiladi. Ta’kidlanishicha, VSHORAD dasturi (qisqa masofali havo mudofaasi tizimlari) doirasida Hindiston hukumati sovet ittifoqida ishlab chiqarilgan eskirgan «Igla» tizimlarini zamonaviy «Igla-S» KZRK bilan almashtirmoqda. Rejalarga ko‘ra, Nyu-Dehli Rossiyadan 5175 ta raketa va uchirish qurilmalarini sotib oladi, 600 ta raketa esa Hindistonning Bharat Dynamics Ltd davlat korxonasida ishlab chiqariladi, deya xabar berdi Rossiya davlat agentligi. 

Rossiyaning «Igla-S» ko‘chma tizimlari dushman samolyotlarini urib tushirish uchun bitta operator yoki ekipaj tomonidan foydalanishga mo‘ljallangan. 2023 yil boshida Hindiston va Rossiya AK-203 Kalashnikov avtomatini birgalikda ishlab chiqarishni boshladi, deb eslatadi Reuters. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid