Qozog‘iston aholisi 20 million nafarga yetdi. Bu haqda 2023 yil 16 noyabr kuni mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ma’lum qildi.

«Xalqimizning soni 20 millionga yetdi. Barchangizni ushbu muhim voqea bilan tabriklayman. Baxtli oila – millat farovonligi va mamlakat taraqqiyotining garovidir. Davlat oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni davom ettiradi», deyiladi To‘qayev e’lon qilgan xabarda.

Markaziy Osiyodagi beshta respublikaning SSSR tarqab ketgandan so‘ng demografik ko‘rsatkichlariga qaralsa xilma-xillikni ko‘rish mumkin.

Jumladan, O‘zbekiston va Tojikistonda aholi soni tez suratlarda ko‘paygan. Qirg‘izistonda o‘rtacha, Qozog‘istonda esa ko‘rsatkichlar ancha past bo‘lgan.

Hatto 1990-yillar o‘rtalarida mamlakat aholisi 2 mln atrofida kamayib ketgan. 2015 yildan so‘ng tug‘ilish ko‘payib, aholi soni ham shunga hamohang o‘sa boshladi.

Turkmaniston esa bu haqdagi ma’lumotlarni uzoq yillardan buyon oshkor qilmaydi. Umumiy hisobda Markaziy Osiyo aholisi 80 milliondan oshadi.

Qo‘yida beshta respublikada mustaqillikdan keyingi sodir bo‘lgan demokratik vaziyatni tahlil qilamiz.

Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy xaritasi

O‘zbekiston

1991 yilda 20,4 mln

2023 yilda 36,6 mln

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi aholisi eng ko‘p mamlakat hisoblanadi. Hozirgi paytda respublika aholisi 36,6 mln nafarni tashkil etmoqda.

1989 yilda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilgan va unda respublika aholisining soni 19,7 million kishini tashkil etgan.

1990 yilda respublika aholisi 20,2 mln nafar bo‘lgan. 2000 yilda 24,5 mln, 2010 yilda 28 mln, 2020 yilda 33,9 mln nafarga ko‘paygan.

Statistika agentligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi 36 mln 599 ming kishini tashkil etgan.