Oradan o‘tgan 65 yil vaqt davomida korxona texnik va texnologik jihatdan yangilanib bordi, o‘z zamonasining ilg‘or tajribalaridan foydalanib, uran ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

2022 yilning 1 yanvaridan Respublikamizda uranni qazib olish yangi tashkil etilgan “Navoiyuran” davlat korxonasi zimmasiga yuklatildi. Hozirgi kunda korxona barqaror va jadal rivojlanib, o‘z mahsulotini Yaponiya, Fransiya, Kanada, Hindiston, Janubiy Koreya kabi davlatlarga 100 foiz eksportga yo‘naltirayotgan mamlakatimizdagi yirik sanoat korxonalaridan biriga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Navoiyuran” DK jamoalariga bayram tabrigida “Sizlarning fidokorona mehnatingiz bilan bepoyon Qizilqum bag‘ridan qazib olinayotgan, dunyo miqyosida yuksak e’tirof etilayotgan oltin, tabiiy uran va boshqa nodir qazilma boyliklar mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda beqiyos strategik ahamiyatga ega ekani barchamizga yaxshi ma’lum.

Shu ma’noda, 40 dan ortiq millatga mansub qariyb 50 ming nafar yuqori malakali ishchi, muhandis va mutaxassislar mehnat qilayotgan mazkur kombinat va 3 yil oldin uning tarkibidan ajralib chiqqan “Navoiyuran” korxonasi milliy sanoatimiz faxri, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz” degan gaplari ham yuqoridagi fikrlarni tasdiqlaydi.

Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan uran sanoatiga juda katta e’tibor qaratilib, ikkita muhim tarixiy qaror qabul qilindi. Ushbu hujjatlarda korxonaning kelajagini belgilaydigan yangi va muhim vazifalar o‘z ifodasini topdi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati va “Navoiyuran” davlat korxonasining 65 yilligi munosabati bilan korxona bo‘linmalarida o‘tkazilayotgan bayram tadbirlarining avvali Uchquduq tumanidan boshlandi. Boisi, o‘zbek uran sanoati tarixi bevosita ushbu hudud bilan bog‘liqdir. “Uchquduq” madaniyat saroyiga jam bo‘lgan konchilar, sohada uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar o‘tgan kunlar va bugungi islohotlar borasida dillashdi. Tadbirda so‘z olganlar barchani bayram bilan tabriklab, bugun Davlatimiz va Hukumatimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tibor, uning xalqimiz hayotidagi ifodasi xususida to‘xtaldilar. O‘z navbatida konchilarning mehnatlari ham e’tirof etildi.