Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 17 noyabr kuni Berlinga tashrif bilan bordi, biroq nemis rasmiylari bu safarga imkon qadar kamroq e’tibor qaratmoqchi: ommaviy chiqishlar yoki qo‘shma matbuot anjumanlari bo‘lmaydi. Hatto ikki davlat rahbarlarining futbol bo‘yicha Germaniya va Turkiya milliy jamoalari o‘rtasidagi o‘yinga avvaldan rejalashtirilgan tashrifi ham bekor qilingan. Nemis rasmiylari Erdo‘g‘anning Isroilga qarshi pozitsiyasiga shunday munosabatda bo‘lishdi.

Erdo‘g‘an Turkiya prezidentligiga qayta saylangach, Germaniya kansleri Olaf Shols shu yil may oyida uni Berlinga taklif qilgandi. Ammo hozir, ko‘pchilik siyosiy sharhlovchilar yozganidek, bundan afsusda bo‘lsa kerak.

Ba’zi nemis siyosatchilari Erdo‘g‘anning tashrifini butunlay bekor qilishga chaqirishdi, biroq Shols keskinlikka bormaslikka qaror qildi va tashrif yopiq eshiklar ortidagi bitta uchrashuv va tushlik bilan o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, Erdo‘g‘an Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan yana bir uchrashuv o‘tkazadi.

BBC nashrining Berlindagi muxbiri Demian Makginnesning yozishicha, poytaxt markazida misli ko‘rilmagan darajadagi xavfsizlik choralari qo‘llangan, bu AQSh prezidenti tashrifi paytidagi xavfsizlik darajasiga teng.

Germaniyada hokimiyat tepasida kim bo‘lishidan qat’i nazar, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar uzoq yillar davomida bir xil darajada murakkabligicha qolmoqda. Nemis siyosatchilari Erdo‘g‘anni bir necha bor og‘ir sherik deb atashgan.

Isroil va Hamas o‘rtasidagi urush esa Berlin bilan Anqara o‘rtasidagi raxnani kuchaytirib, ikki tomonni yanada ajratgan ko‘rinadi.

Barcha murakkabliklarga qaramay, Germaniya va Turkiya bir-biriga kerak. Bu fotoda — Shols va Erdo‘g‘an Anqarada 2022 yil martida o‘tkazilgan uchrashuv vaqtida. Foto: REUTERS

Erdo‘g‘an Hamas harakatining 7 oktyabrda Isroilga uyushtirgan hujumini qoralashni istamadi va hamaschilarni «xaloskorlar» deb atadi.

Hamas g‘arbning bir qancha davlatlarida, jumladan Germaniyada ham terrorchi tashkilot deb tan olingan.