Jahon | 16:42 / 18.11.2023
6139
2 daqiqa o‘qiladi

Mahachqal’adagi tartibsizliklar bo‘yicha 27 kishi hibsga olingan

Dog‘iston Oliy sudi hujjatlarida ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etish moddasi bo‘yicha hibsga olinganlarga oid 27 ta shikoyat keltirilgan, deb yozadi «Mediazona». Isroildan Mahachqal’aga uchgan samolyot yetib kelishidan oldin tartibsizliklar boshlangandi. 

Foto: TASS/dpa/picture alliance

Mahachqal’a aeroportidagi tartibsizliklar bo‘yicha hibsga olinganlar soni 27 kishiga yetdi. «Mediazona» internet-nashri Dog‘iston Oliy sudi ma’lumotlar bazasiga tayanib, 17 noyabr, juma kuni shunday xabarni e’lon qildi.

Sud hujjatlarida ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etganlik uchun hibsga olinganlar bo‘yicha 27 ta shikoyat berilgan. Avvalroq Dog‘iston Oliy sudi 17 kishiga nisbatan qarorlarni ma’qullagan edi. Sud vakillari «Mediazona»ga hibsga olishlar havo bandargohidagi tartibsizliklar bilan bog‘liqligini tasdiqladi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 14 noyabrga qadar respublika sudlariga kamida 302 kishiga qarshi noqonuniy miting o‘tkazilgani bo‘yicha bayonnomalar kelib tushgan.

Mahachqal’a aeroportidagi tartibsizliklar

29 oktyabr kuni kechqurun Tel-Avivdan Red Wings aviakompaniyasining navbatdagi reysi yetib kelguniga qadar bir necha yuz kishi Mahachqal’a xalqaro aeroportiga bostirib kirdi. Ular bir necha soat davomida aeroportni egallab oldi va yahudiylarga qarshi shiorlar bilan har bir xonaga kirib, yahudiylarni qidirdi. Tartibsizliklar qatnashchilari eshiklarni buzib, aeroport hududidan chiqib ketayotgan mashinalarni to‘sib qo‘ygan, o‘zboshimchalik bilan u yerdagi odamlarning pasportlarini tekshirgan va yetib kelgan samolyotga kirishga harakat qilgan.

30 oktyabrga o‘tar kechasi shaharga Rossiya gvardiyasining maxsus kuchlari yetib keldi. Tartibsizliklardan keyin 60 kishi qo‘lga olingan. Voqea natijasida, Dog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 20 kishi, jumladan, to‘qqiz nafar politsiyachi jarohatlangan. 

Dog‘iston hukumati, Rossiyadagi musulmonlar va yahudiylar konfessiyalari vakillari, shuningdek, qator davlatlar Mahachqal’a aeroportidagi tartibsizliklarni qoraladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin voqeada g‘arb maxsus idoralarini aybladi. Rossiya Tergov qo‘mitasining Dog‘iston bo‘yicha boshqarmasi ommaviy tartibsizliklar moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 

Mavzuga oid