Uzoq kutilgan uchrashuv, Bayden Si Jinpingni San-Fransiskoda qarshi oldi. Muzokaralar chog‘ida ikki tomon ham ikki xil mavzularni o‘rtaga tashladi. Xo‘sh, bu uchrashuv kutilgan natijalarni beradimi? Markaziy Osiyo davlatlari bu kurashning qaysi nuqtasida bo‘ladi? Tayvan sabab ikki davlatning harbiy to‘qnashuvi sodir bo‘ladimi? Mavzuning shu kabi nuqtalarini tahlil qilish uchun bugun studiyamizga siyosiy tahlilchilar Ulug‘bek Hasanov, Kamoliddin Rabbimov va Xamza Boltayevlarni taklif etdik. XXR raisi Si Jinping va AQSh prezidenti Jo Bayden San-Fransisko yaqinida o‘tkazilgan uchrashuvda ikki davlat harbiylari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa kanallarini tiklashga kelishib oldi.

— AQSh va Xitoy rahbarlari uchrashuvi kutilgan natijalarni beradimi?

Ulug‘bek Hasanov: — Natijalari bo‘ladi, albatta. Bu uchrashuvga bir necha oy davomida tayyorlangan, asosiy masalalar belgilangan. Xalqaro munosabatlar, diplomatiyada tasodifiy uchrashuvlar bo‘lmaydi. Barchasi oldindan rejalashtiriladi.

Xamza Boltayev: — Bu uchrashuv oldindan kelishilgan, manfaatlar ko‘rib chiqilgan uchrashuv. E’tiborlisi shundaki, 1 yil oldin Indoneziyadagi uchrashuvdan keyingi uchrashuv. Indoneziyadagi uchrashuvda kelishilgan masalalarning ko‘pi amalga oshmadi. Shuning uchun mazkur uchrashuvdagi masalalar ham amalga oshishi so‘roq ostida, vaqt ko‘rsatadi. Lekin uchrashuv yaxshi kayfiyatda o‘tganini ko‘rdik.

Kamoliddin Rabbimov: — Bu uchrashuvdan ikki tomon ham katta natijalar kutgani yo‘q edi. Chunki bu ikki davlat tirashuvi tobora kristallashib boryapti. Ularning o‘rtasidagi fundamental raqobat borgan sari kuchayib boradi. AQShning har yilgi strategik hujjatlarida XXR global maydonda AQSh mavqeyi va manfaati uchun tahdid sifatida ko‘riladi. Ikki tomonning ham hozirgi vaziyatdan kelib chiqib oldiga qo‘yayotgan vazifalari bor.

Xitoyning ichida vaziyat murakkab, yoshlar ishsizligi yuqori. Obama davridan boshlangan savdo-iqtisodiy urushlar davom etyapti. Ukraina urushi davom etyapti, Yaqin Sharqda Isroil-Falastin konflikti, shu holatda AQShga yana bir boshqa muammo ortiqchalik qiladi. Ikki taraf ham qisqa muddatli taktik vazifalarga erishmoqchi xolos.

Ulug‘bek Hasanov: — Bu uchrashuvga ijobiy tus berish qiyin. Chunki ta’kidlanganidek, bu ikki davlat o‘rtasidagi qarama-qarshilik davom etmoqda. Si Jinping G20 sammitiga bormagan ham edi. Hindiston bilan birga yangi transport koridori loyihasi tasdiqlandi. Bu loyiha Xitoyning «Bir kamar — bir yo‘l» koridoriga muqobil bo‘ladi.