O‘zbekiston | 18:00 / 19.11.2023
59601
4 daqiqa o‘qiladi

“Menga bo‘lmagan, hech kimga bo‘lmaydi”: Farg‘onada aka marhum ukasining bevasi va yetimlariga tegishli uyni buzib tashladi

Kasbi shifokor, topish-tutishi yaxshi bo‘lgan aka o‘z ukasi bilan uy masalasida nizolashib kelgan. Ukaning vafotidan so‘ng esa uning ayoli va farzandlari kirib yashamasligi uchun uy aka tomonidan “buldozer” yordamida buzib tashlandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Yangi Marg‘ilon shaharchasidagi xonadonlardan birining buzib tashlangani, buning ortidan boshpanasiz qolgan bolalarning faryodi aks etgan lavhalar keng tarqaldi.

Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, holat bilan tanishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, uy aslida marhum Farhodjon Xolmatovga tegishli bo‘lgan. Ammo u ichkilikka berilib, majburiy davolanishga yuborilgan vaqtda akasi Bahodir Xolmatov mulkni o‘z nomiga rasmiylashtirib olgan. Farhodjon Xolmatovning vafotidan so‘ng esa uning bevasi va 5 nafar farzandlari kirib yashashi uchun sud qarori ijroga qaratilayotgan bir paytda Bahodir Xolmatov uyni maxsus texnika yordamida buzib tashlagan.

Marhum Farhodjon Xolmatov oilasi bilan

“Turmush o‘rtog‘im bilan 1995 yilda oila qurganmiz, 5 nafar farzandim bor. 1999 yilda hovli sotib olib, 2001 yilda chala bitgan bo‘lsa ham ko‘chib o‘tganmiz. 2007 yilda uyimizni bitirib, qaynonam nomiga kadastrdan o‘tkazdik. 2019 yilda qaynonam uyni turmush o‘rtog‘im nomiga o‘tkazib berdi.

Erim ichkilikka berilib, surunkali alkogolizm kasalligiga yo‘liqdi. Bir necha bor davolatdik, ammo foydasi bo‘lmadi. Farzandlarimga, menga tajovuz qiladigan odat chiqardi. Shundan so‘ng bolalarim bilan uydan chiqib ketib, qaytib bormadim.

Kasalxonaga ko‘rgani borganimizda uy kalitini berib, uyga qaranglar, qaytib boringlar, degan edi. Biz borsak, uy qulfi o‘zgartirilgan ekan. Erimning ahvolidan foydalanib, akasi uyni o‘z nomiga o‘tkazib olibdi. Advokatlarga murojaat qilgandik, fuqarolik sudiga berishni aytishdi. 3 marta sud bo‘lib, uchalasida ham bizning foydamizga hal bo‘ldi.

2023 yil aprel oyida erim akasidan uyini qaytarib berishini so‘ragan, lekin u qaytarib berishdan bosh tortgan. 8 may kuni o‘z joniga qasd qildi.

Erim vafotidan so‘ng ham sudga murojaat qildik. Sud yana bizning foydamizga hal bo‘ldi. Lekin erimning akasi uyni qasddan buzib tashladi”, deydi 5 farzandi bilan ko‘chada qolgan Muqaddam Xolmatova.

Oilani yaqindan tanigan, bilganlarning aytishicha “uybuzar” amakining uy-joyga muhtojligi bo‘lmagan.

Majburiy ijro byurosining Kun,uzʼga ma’lum qilishicha ayol va uning farzandlarini xonadonga majburiy kiritish bo‘yicha ijro hujjati bo‘lgan. Ijro harakatlari 12 noyabr kuniga belgilangan bo‘lgan. Ammo buni istamagan qaynog‘a uy-joylarni buzib tashlagan.

Taqdir beshafqat deganlari shu bo‘lsa kerak: 5 farzandi bilan ko‘chada qolarkan, beva ayolning ko‘nglidan nimalar o‘tayotgani faqat uning o‘ziga ayon.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz

Сарвар Зияев
Muallif Сарвар Зияев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid