«Bunyodkor» stadionida anshlag bo‘lishi kutilmoqda
JCh-2026 va Osiyo kubogi-2027 ikkinchi saralash bosqichi 2-turi doirasida Srechko Katanets bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy jamoasining guruh peshqadami bo‘lib turgan Eronga qarshi o‘yiniga qiziqish juda katta.

«Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tadigan o‘yin uchun chiqarilgan chiptalar deyarli sotib bo‘lingan. O‘zbekiston – Eron o‘yini chiptalari onlayn savdosi Iticket.uz sayti platformasi orqali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, so‘nggi hafta davomida 100, 50, 30, 25 va 20 ming so‘m narxlarda sotuvga chiqarilgan edi. 20 noyabr kechki vaqtga sotuvda qolgan chiptalar soni qariyb 300tani tashkil etayotganini ko‘rish mumkin edi, bugun chiptalar deyarli sotib bo‘lingani xabar qilingan. Shunday ekan, 34 ming tomoshabin sig‘imiga ega stadion bugungi o‘yinda muxlislar bilan to‘lib, anshlag bo‘lishini kutish mumkin.
Vakillarimiz o‘tgan haftada Turkmanistonda kambekli g‘alaba bilan qaytishdi va o‘yin oldidan Srechko Katanets Eronni qanday mag‘lub etish mumkinligini bilishini aytdi. Bu ham jamoaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini va muxlislarning g‘alabaga bo‘lgan umidini oshiradi.
O‘zaro o‘yinlar
O‘zbekiston milliy jamoasi bugungi kunga qadar Eronga qarshi jami 12ta o‘yin o‘tkazib, forslarni Toshkentda mag‘lub eta olmagan. 12 o‘yindan 10tasida Eron g‘olib bo‘lgan, 1 o‘yinda durang va yana bir bahsda Ulug‘bek Baqoyevning Tehrondagi yagona goli O‘zbekiston milliy jamoasiga bu raqib ustidan qozonilgan yagona g‘alabani keltirgan. To‘plar nisbati 3:16 – forslar foydasiga.

Vakillarimiz Eronga qarshi so‘nggi o‘yinni iyun oyida Toshkentda o‘tkazib, CAFA Cup-2023 finalida Sardor Ozmunning yagona goli mehmon jamoaga yangi turnirning ilk sovrinini keltirgan edi. Vakillarimiz bugungi bahsda Toshkentdagi noxush an’anaga chek qo‘yib, tarixni yangilashga urinishadi.
O‘zbekiston – Eron. O‘zaro o‘yinlar:
20.06.2023. O‘zbekiston – Eron – 0:1
08.10.2020. O‘zbekiston – Eron – 1:2
11.09.2018. O‘zbekiston – Eron – 0:1



















