Kreml matbuot xizmatining xabar berishicha, tor doirada o‘tgan uchrashuvda tomonlar ikkitomonlama hamkorlikning jabhalari haqida muzokara o‘tkazishgan.

Muzokaralar chog‘ida Vladimir Putin Imomali Rahmonga Tojikistonda rus tilini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar uchun tashakkur bildirgan.

«Gumanitar aloqalar bizda ijobiy qadamlar bilan o‘zgarib bormoqda, o‘tgan yili biz ta’lim rus tilida olib boriladigan beshta maktab ochganimizni qayd etib o‘tishim kerak.

Bu yil ham, kelgusi yillarda ham Rossiya hukumati bu maktablardagi darsliklar uchun 200 million rubldan pul ajratadi, garchi bu pullar yetarli bo‘lmasa ham, bu borada qaror qabul qilib bo‘lingan. Tojikistondan talabalar va aspirantlar bizda o‘qishmoqda. MDH bo‘yicha eng ko‘p kvota Tojikiston hissasiga to‘g‘ri keladi — 900 kishi. Biz 2024/25 o‘quv yillarda bu kvotani 1000 kishiga ko‘taramiz», — dedi Putin.

Imomali Rahmon rossiyalik hamkasbiga minnatdorlik bildirgan.

«Yo‘q, men sizga rahmat aytishim kerak, chunki siz rus tili hamda madaniy va gumanitar sohadagi munosabatlarimiz rivojiga qanday e’tibor qaratayotganingizni juda yaxshi bilaman. Bir paytlar kelishgan edik: siz Tojikiston iqtidorli yoshlarini tayyorlash va o‘qitish markazi, Mayakovskiy nomidagi rus drama teatri barpo etish tashabbusi bilan chiqdingiz — bu maqsadlarga Rossiya Federatsiyasi hukumati 4 va 3,5 mlrd rubl ajratdi. Endi bu rejalar amalga oshiriladi», — deya Rossiya prezidenti so‘zlarini keltirmoqda Kremlin.ru.

Foto: kremlin.ru

Vladimir Putin Tojkisiton va Rossiyaning iqtisodiy sohadagi yuksalib borayotgan munosabatlarini ham qayd etdi.

«Munosabatlarimiz yuksalib bormoqda va juda yuqori darajaga erishgan. Rossiya asosiy savdo-iqtisodiy hamkor ekanligini aytishning o‘zi yetarli, savdo aylanmasi bo‘yicha birinchi o‘rindamiz: Tojikistonning qariyb 23 foiz savdo aylanmasi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar bo‘yicha ham yetakchi o‘rinlarda turamiz — 1,6 mlrd dollar», — dedi Putin.