Ukrainada butun front chizig‘i bo‘ylab qish boshlandi: 20 noyabr kuni Baxmutdan g‘arbda qor yog‘shdi, janubda esa kuchli yomg‘irlar boshlandi. Yomon ob-havo sharoiti kamida ikki hafta davom etadi. Ammo bu harbiy harakatlarni to‘xtata olmayapti: ukrainaliklarning qarshi hujumining yakuniy bosqichi o‘rnini Rossiyaning hujum bosqichi egalladi.
RF qurolli kuchlari endi ko‘plab yo‘nalishlarda hujum qilmoqda — shimolda Kupyanskdan, bu yerda ular ko‘p miqdordagi texnikalarini yo‘qotish evaziga bir necha kilometrga ilgarilagan, janubda Xerson ro‘parasidagi qishloqlargacha, bu yerda Rossiya qo‘shini Dniproning chap sohilida platsdarmlar tashkil qilgan ukrain piyodalar rotalarini asta-sekinlik bilan siqib chiqarmoqda. RF qurolli kuchlarining qishki yurishidagi asosiy zarba hamon Donetsk chekkasida — Avdiyivka yo‘nalishida berilmoqda. Ukraina qurolli kuchlari bu shaharga boshqa yo‘nalishlardan zaxira kuchlar olib kelishda davom etmoqda va qo‘shni uchastkalardagi lokal zarbalar bilan Rossiya kuchlarini chalg‘itishga harakat qilmoqda. Zaxiralarni Avdiyivkaga jalb etish allaqachon Baxmut atrofidagi ukrain frontini zaiflashtirgan, bu esa Rossiya qo‘shinlariga may oyidan buyon ilk bor ushbu hududda qarshi hujumga o‘tish imkonini bergan.
Shu bilan birga, Rossiyaning yurishi Ukrainaning yozdagi yurishiga qaraganda jadalroq rivojlanmoqda: RF qurolli kuchlari barcha yo‘nalishlarda yo‘qotishlar berib bo‘lsa ham, kichik yutuqlarga erishmoqda.
Avdiyivka
- Rossiya qo‘shini — texnikalarsiz, faqat piyodalardan iborat kuchlar — Avdiyivkadan shimoldan o‘tgan Avdiyivka — Pokrovsk temiryo‘lini kesib o‘tgan va g‘arbdagi Stepove (Petrovskiy) chekkalariga yetib kelgan. Ammo Ukraina QK qo‘mondonligi bu uchastkaga qo‘shimcha kuchlarni tashlagan — jumladan, Baxmut hududidan ham. RF QK shturm guruhlarining oldinga yurishi to‘xtatilgan, ammo temiryo‘l hududida Ukraina QK tomonidan texnikalar, RF QK tomonida shaxsiy tarkib yo‘q qilinishi bilan kechayotgan og‘ir janglar davom etmoqda.
- Rossiya qo‘mondonligi, katta ehtimol bilan, yarim qurshov holatida qolgan Avdiyivkaga texnika va o‘q-dori ta’minotiga yetarlicha zarar yetkazilgan deb hisoblagan hamda endi shaharga to‘g‘ridan to‘g‘ri janubdan zarba berishni boshlagan. Rossiya tanklariAvdiyivka janubiy sanoat zonasiga (2015 yilda qurilgan) Ukraina QKning yirik istehkomiga hujum qilgan. 20 noyabr kuniga kelib RF QK sanoat zonasini shimoldan qamrab olgan va uning sharqiy qismini egallagan.
- Rossiya artilleriyasi va dronlari Avdiyivkani «katta yer» bilan bog‘lovchi, Lastochkino qishlog‘i orqali o‘tuvchi yo‘l bo‘ylab zarbalar berishda davom etmoqda. U — yakson etilgan va yo‘l bo‘ylarida yotgan ko‘p sonli texnikalari bilan — endi Ukraina qurolli kuchlari o‘tgan qishda o‘z «qal’asi»ga ta’minot yetkazib berishga uringan «Baxmut hayot yo‘li»ni yodga solmoqda. Katta ehtimol bilan, qish va loygarchilik Ukraina QK boshqa qattiq qoplamasiz yo‘llardan foydalanishini cheklaydi.














