Jahon | 13:16 / 25.11.2023
9777
3 daqiqa o‘qiladi

UQK: Rossiya Ukrainaga rekord miqdordagi hujumkor dronlarni uchirdi

Rossiya Ukrainaga rekord miqdordagi hujumkor uchuvchisiz uchoqlarni uchirdi, deb xabar qildi Ukraina Qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari. Ularga ko‘ra, asosiy zarba poytaxtga berilgan.

Foto: Valentyn Ogirenko/REUTERS

25 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Shahed tipidagi uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) bilan Ukrainaga yirik hujum uyushtirdi, deya xabar berdi Ukraina Qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi. «Dushman Ukrainaga rekord darajadagi uchuvchisiz uchoqlar bilan hujum uyushtirdi! Hujumning asosiy yo‘nalishi - Kiyev!», deb yozdi Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni, general-leytenant Nikolay Oleshchuk Telegram’da. 

Ukraina qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, hujum uchun Shahed-131/136 tipidagi 75 taga yaqin hujumkor uchuvchisiz uchoqlardan foydalanilgan, 71 ta dron havo hujumidan mudofaa tizimi yordamida yo‘q qilingan. 

Harbiy-havo kuchlari Kiyev osmonida qancha uchuvchisiz uchoq urib tushirilganiga aniqlik kiritmadi. Shahar ma’muriyatiga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari va vositalari 60 tadan ortiq havodagi nishonlarni urgan. 

Kiyev shahar harbiy ma’muriyati va shahar meri Vitaliy Klichko buni Rossiyaning keng ko‘lamli harbiy harakatlari boshlanganidan beri eng yirik dronlar hujumi deb atadi. Havo trevogasi taxminan olti soat davom etdi, dedi Klichko. 

Kiyevda besh kishi jarohatlangan 

Meriya ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning poytaxtga hujumi natijasida 5 kishi, jumladan, 11 yoshli bola jarohatlangan. Ularning barchasi shifoxonaga yotqizilmasdan joyida yoki tez yordam bo‘limida tibbiy yordam oldi. 

Solomenskiy tumanida drondan parchalar qulashi natijasida bolalar bog‘chasida yong‘in sodir bo‘ldi, qo‘shni uylarning derazalari shikastlandi, deb yozdi Klichko Telegram’da. Besh qavatli turar joy binosida vayronagarchilik tufayli ikki ayol ikkinchi qavatda qolib ketgan va evakuatsiya qilingan.

Kiyevning Dnipro tumanida ko‘p qavatli uyning yuqori qavati zinapoyasiga uchuvchisiz uchoq kichik bo‘lagi quladi, yong‘in va jabrlanganlar yo‘q, dedi mer. Goloseyevskiy tumanida, uning so‘zlariga ko‘ra, vayronalar to‘rt qavatli turar joy binosiga tushgan, hech kim jabrlanmagan. 

Rossiya tomoni Kiyev va Ukrainaning boshqa viloyatlariga uchuvchisiz uchoqlar hujumi uyushtirilgani haqidagi xabarlarga izoh bermadi. 

Mavzuga oid