DW xabariga koʻra, 18-oktabr kuni poytaxt Tiranada namoyishlar yana kuchaygan. Politsiya ishtirokchilarga qarshi suv purkagichlar va koʻzdan yosh oqizuvchi gaz qoʻllagan.

Norozilik markazlaridan biri Taʼlim vazirligi binosi oldi boʻlgan. U yerdagi olomon tarqatilgach, namoyishchilar shahar markazining boshqa qismlariga oʻtgan va toʻqnashuvlar bir necha soat davom etgan.

AFP xabariga koʻra, ayrim ishtirokchilar tosh, yonuvchi aralashma solingan shishalar va pirotexnika otgan, chiqindi qutilarini yoqqan. Hukmron partiya qarorgohi derazalari sindirilgan, politsiya boʻlimi va Ichki ishlar vazirligi binosining kirish qismiga oʻt qoʻyilgan.

18-oktabrning oʻzida 28 kishi jabrlangan. Ulardan 19 nafari politsiya xodimlari boʻlgan.

Shu kuni Edi Rama namoyishlar yuzasidan xalqqa batafsil videomurojaat qilgan. Bir soat 14 daqiqa davom etgan chiqishida u lavozimidan ketmasligini bildirib, aksiyalar ortida «tashqi kuchlar» turganini daʼvo qilgan. Bosh vazir Rossiya va Eronni tilga olgan.

Ramaning aytishicha, namoyishlar safidagi talabalar ularga aloqasi boʻlmagan, niqob taqqan 200–300 kishilik kichik guruh taʼsirida qolgan. U bu shaxslarni tartibsizlik keltirib chiqarishga urinishda ayblagan.

Vaziyat fonida Ramaning 19-oktabrga belgilangan Venaga tashrifi va Avstriya kansleri Kristian Shtoker bilan muzokaralari bekor qilingan.

Namoyishlar 13-oktabr kuni Tiranada boshlangan. Dastlab ishtirokchilar universitetlardagi muammolarni, jumladan, taʼlim toʻlovlarining yuqoriligi va korrupsiyani bartaraf etishni talab qilgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi aralashuv haqidagi ayblovlarni rad etgan. Vazirlik rasmiy vakili Mariya Zaxarova koʻchalarga Albaniya fuqarolari chiqqanini aytib, Ramani ichki muammolar uchun masʼuliyatni boshqalarga yuklamaslikka chaqirgan.

Rossiyaning Tiranadagi elchixonasi esa namoyishlarga bevosita munosabat bildirmagan, biroq oʻz fuqarolarini ehtiyotkor boʻlish va odamlar koʻp toʻplanadigan joylardan uzoqroq yurishga chaqirgan.