Bild’ning Germaniya va AQShning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha «maxfiy rejasi» bo‘yicha surishtiruvi hech qanday asosga ega emas, deya ma’lum qildi Germaniya hukumati 27 noyabr, dushanba kuni Deutsche Welle so‘roviga javoban. O‘tgan hafta Bild harbiy sharhlovchisi Yulian Ryopke yagona manbaga tayanib, Vashington va Berlin Kiyevga harbiy yordamni cheklab, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Rossiya bilan muzokaralar boshlashga majburlamoqchi ekanligini ma’lum qildi.
«Urushning boshidanoq Qo‘shma Shtatlar va Germaniya agressiyani to‘xtatish va Ukrainada adolatli tinchlikka erishish tarafdori edi. Va bu majburan taklif etilgan tinchlik bo‘lishi mumkin emas», deb javob berdi federal hukumat DW’ga.
«Germaniya Ukraina tomonida qat’iy. Biz Ukrainani Rossiyadan himoya qilish uchun kerak bo‘lgunicha qo‘llab-quvvatlaymiz», deb ta’kidlagan Berlin. Qo‘shimcha qilinishicha, hukumat «xalqaro hamkorlar bilan doimiy va yaqin aloqada» va Rossiyadan qo‘shinlari Ukrainadan chiqib ketishini talab qilmoqda.
«Federal hukumatga bir narsa tushunarli: Ukraina Rossiyaga qarshi mudofaa kurashida harbiy va siyosiy maqsadlarni belgilashi kerak. Tinchlik muzokaralari boshlanish sanasini faqat Ukraina belgilashi mumkin», - deya ma’lum qildi Germaniya hukumati.
Shu kuni Vashingtonda AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Jyeyms O'Brayyen Bild nashri materiallarini jurnalistlarga izohlar ekan, Qo‘shma Shtatlar Ukrainani muzokaralarga undayotgani haqidagi da’voni ham rad etdi. «Biz har doim bu masalani Ukraina hal qilishi kerakligini aytib kelganmiz», - dedi O'Brayyen.
Bild - Ukraina uchun «maxfiy reja» haqida
O‘tgan hafta Bild nashri manbalardan biriga tayanib, Berlin va Vashington Zelenskiyni muzokaralar zarurligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ishontirish niyatida emasligi, ammo qurol-yarog‘ yetkazib berishdan vosita sifatida foydalanib, Ukraina prezidentini bunga rozi bo‘lishga majburlashni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi. Nashrning yozishicha, ittifoqchilar Kiyevga Ukraina armiyasiga hozirgi frontni ushlab turish imkonini beradigan, lekin hududlarni ozod etmaydigan miqdorda qurol yetkazib berish niyatida.
«Zelenskiy buni davom ettirish mumkin emasligini tushunishi kerak. Tashqaridan hech qanday so‘rovsiz. U o‘z ixtiyori bilan xalqiga murojaat qilishi va muzokaralar olib borilishi kerakligini tushuntirishi kerak», - deya tushuntirdi Germaniya hukumatidagi Bild manbasi yondashuvni.

















