O‘zbekistonda 2026 yilda kartoshka chipslari uchun aksiz solig‘i joriy etilishi mumkin. Bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 2026-2028 yillar uchun taqdim etilgan budjetnomaga taklif sifatida kiritilgan.
Qayd etilishicha, 2026 yil 1 apreldan boshlab iste’molga tayyor 1 kg kartoshka chipslari uchun 15 ming so‘m miqdorda aksiz solig‘i joriy etilishi mumkin. Soliq kartoshka chipslarini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar va O‘zbekiston hududiga tovarlarni olib kiruvchilar tomonidan to‘lanishi belgilanyapti.
Mazkur taklif Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ortiqcha vaznga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish hamda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining sog‘lom ovqatlanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan va bu bo‘yicha boshqa davlatlar tajribalari o‘rganilgan.










