Ayrim manbalarda AQSh Kongressi allaqachon bunday yirik migratsiya loyihasi bo‘yicha taklif tayyorlagani haqida yozilmoqda. Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Shavkat Ikromov Kun.uz'ga bergan intervyusida mavzu yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— G‘azo aholisini ko‘chirish ehtimoli qay darajada?
— G‘azo aholisini ko‘chirish bugun paydo bo‘lgan masala emas, tarixda ham bu masala bir necha marta ko‘tarilgan. Falastinliklarni ko‘chirish va ko‘chishga majburlash holatlari kuzatilgan. 1948 yildagi Isroil va arablar to‘qnashuvida 700 ming falastinlik, 1967 yilda esa 300 ming falastinlik o‘zi yashab turgan joydan chiqishga majbur qilingan. Keyingi urushlarda ham bunday holatlar bo‘lib turgan.
BMTning so‘nggi e’lon qilingan 2019 yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, falastinlik qochoqlar soni 5 mln 600 mingdan ziyod. BMT qoshida falastinlik qochoqlar bilan shug‘ullanuvchi agentlik ham tashkil etilgan, shuning o‘zi ham falastinlik qochoqlar masalasi ancha jiddiy ekanini ko‘rsatadi.
Yuqorida aytganimdek, tarixda falastinliklarni ko‘chirishlar bo‘lgan, bundan jabr ko‘rgan davlatlar ham bo‘lgan, masalan, Iordaniya, Misr. Bu safargi ssenariy boshqacharoq bo‘lyapti, ya’ni Yaman, Iroq, Misr, Turkiya hududlari ehtimoli aytilyapti.
2023 yil holatiga Suriyada taxminan 438 ming falastinlik bor, Iordaniyada 2 mlndan oshiq, Livanda esa 489 ming atrofida falastinlik qochoqlar yashaydi. 2014 yildagi Suriyadagi inqiroz, fuqarolar urushi boshlanishi, harbiy harakatlar oqibatida taxminan 30 ming falastinlik Iordaniyaga o‘tgan. Iordaniyada 10-13 ta aholi lagerida falastinlik qochoqlar yashaydi. Ular asosan BMT qoshidagi falastinlik qochoqlarga yordam berish agentligi tomonidan berilgan gumanitar yordamlar evaziga yashaydi. Qochoqlarning 18 foizi Iordaniya fuqaroligini ola olgan, qolganlari esa hali ham qochqin maqomida yashamoqda.
Iordaniya o‘zi iqtisodiy jihatdan barqaror bo‘lmagan davlat, ichki muammolari yetarli. Shuning uchun falastinlik qochoqlar ularga og‘ir yuk bo‘ladi. Suriyadagi qochoqlarning esa 80 foizi qashshoqlikda yashaydi, gumanitar yordam olsa ham, bular yetarli bo‘lmayapti.
— Aholini chiqarib yuborib, G‘azoni bombardimon qilish haqidagi taxminlar bor edi. Bunga Turkiya yo‘q deya olishi mumkin, lekin boshqa davlatlar bosimlar oqibatiga rozi bo‘lishi mumkinmi?
— Misr prezidenti Sisi fikriga ko‘ra, G‘azoliklarni o‘z yerlaridan chiqarib yuborish “Falastin ishi”ning tugashi bo‘ladi, ya’ni bu konflikt Isroil foydasiga hal bo‘lishini anglatadi.















