Tesla'dan Cybertruck

Tesla Cybertruck elektromobilini yetkazib berish boshlanganini e’lon qildi. Uch motorli Cybertruck 2,6 soniyada 100 km/soat tezlikka erishadi, to‘liq quvvatda 550 km masofani bosib o‘tadi, maksimal tezligi – 210 km/s. Ushbu to‘liq modifikatsiyaning narxi 99 ming 990 dollarni tashkil qiladi, orqa g‘ildiraklari tortadigan standart model 60 ming 990 dollarga baholangan. 

Foto: Tesla 

Cybertruck standart versiyasi to‘liq quvvatda 402 km masofani bosib o‘tadi, 6,5 soniyada 100 km/soat tezlikka erishadi. Maksimal tezlik 180 km/soat. Shuningdek, 4,1 soniyada 100 km/soat tezlikka erishadigan va 547 km masofa bosadigan oraliq model ham bor. Uning narxi 79 ming 990 dollarga teng. 

Cybertruck zanglamaydigan po‘latdan yasalgan, ya’ni korroziyaga duchor bo‘lmaydi. Shuningdek, u o‘q o‘tkazmaydigan kuzovdan yasalgan, elektromobil eshiklari avtomat o‘qlariga bardosh bera oladi.

Cybertruck erkin savdosi 2024 yilda boshlanishi rejalashtirilgan.

Luxeed S7

Huawei va Chery yangi elektromobil – Luxeed S7 sedanini taqdim qildi. Elektrokar ancha tejamkor qilib ishlangan – 100 km uchun 12,4 kWh energiya sarf qiladi. Shuningdek, 15 daqiqa quvvatlantirish 430 kmgacha masofani bosib o‘tish imkonini beradi, umumiy hisobda esa 855 km yurish zaxirasiga ega.

Foto: Huawei
Foto: Huawei