G‘azoda yana tinch aholi qurbon bo‘la boshladi, Ukraina prezidenti Rossiya armiyasining kuchiga tan berdi, Rossiyaga sanksiyalar masalasi yana ko‘tarilmoqda — dunyoda ro‘y bergan so‘nggi voqea-hodisalar, yangiliklar kun dayjestida

G‘azoda gumanitar sulh tugaganidan so‘ng Isroil armiyasining harbiy harakatlari qayta boshlangan. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, 1 dekabr kuni Isroil armiyasi zarbalaridan 32 nafar falastinlik halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar, asosan ayollar va bolalar yaralangan.

Isroil esa avval o‘zi tomonidan xavfsiz hudud deb e’lon qilingan, shimoldan odamlar ko‘chirilgan G‘azo sektorining janubiga keng ko‘lamli yurish boshlashi va janubdagi yirik shahar Xon Yunusni jangovar harakatlar zonasi deb e’lon qilgan. Xabarlarga va tarqalgan videolarga ko‘ra, shu kecha ham Isroil Xon Yunusdagi turar joy binolari ustiga fosforli bombalar yog‘dirilgan.

Bu orada The Wall Street Journal nashri AQSh 7-oktyabrdan buyon Isroilga bunkerga qarshi bombalar, shuningdek o‘n minglab boshqa turdagi qurol-yarog‘lar va snaryadlar yetkazib berganini xabar qildi.

Ukrainaning birinchi xonimi Yelena Zelenskaya eri Volodimir Zelenskiy yangi muddatga prezident bo‘lib saylanishini istamasligini aytdi. Bu haqda u The Economist nashriga bergan intervyusida ta’kidlab o‘tgan.

«U keyingi muddatga yana prezident bo‘lishini istamayman... Biz yangi nimadir o‘ylab topishimiz kerak», — degan Ukrainaning birinchi xonimi.

Zelenskiy Rossiya armiyasini «jahonda ikkinchi» deb atadi va urushning yangi bosqichi boshlanganini ta’kidladi.

Ukraina «jahonning ikkinchi armiyasi» bilan urushmoqda shu sababli Qrimga quruqlikdan yo‘lak ocha olmagan mamlakat qurolli kuchlarining qarshi hujumini qoniqarli baholash mumkin, degan u.

Zelenskiy qarshi hujumning barbod bo‘lganini Ukraina hokimiyati tezroq natijalarni qo‘lga kiritishni xohlagani bilan tushuntirdi. «Bu borada, afsuski, biz ko‘zlangan natijalarga erisha olmadik. Bu — fakt», degan u. Zelenskiy G‘arb ham qarshi hujum uchun zarur barcha qurol-yarog‘larni yetkazib bera olmaganiga ham e’tibor qaratgan.

Zelenskiy qarshi hujum to‘xtatilgach, urush yangi bosqichga chiqqanini ta’kidlagan. «Qish — bu urushning yangi bosqichi. Biz o‘z kuchimizga ishonamiz. Chunki biz o‘zimizga tegishli hududlar uchun jang olib bormoqdamiz», — degan u.